Ish uslubimizni o‘zgartirish – asosiy vazifamiz
07.07.2020
2634
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev raisligida 2020 yil 6 iyulda bank sohasida strategiya ijrosi va transformasiya jarayonlari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Mazkur yig‘ilish davomida tijorat banklari rahbarlariga bir qator vazifalar yuklatildi.
Jumladan, banklarning transformasiyasi jarayonini faollashtirish, kredit portfeli va loyihalar sifatini oshirish, banklar moliyaviy resurslarni davlat yordami va ko‘magisiz, mustaqil jalb qilishini ta'minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda bank tizimida korrupsiyaga barham berish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Tijorat banklari Boshqaruv raislari korrupsiyaga chek qo‘yish, komplaens-nazorat kabi ta'sirchan mexanizmlarni joriy qilish bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rishi lozimligi alohida ta'kidlandi.
Mazkur yig‘ilish kun tartibiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida "O‘zmilliybank" AJ Boshqaruv Raisi A.Mirsoatov boshchiligida joriy yil 7 iyul kuni bankning Boshqaruv Raisi o‘rinbosarlari, barcha departament direktorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar va topshiriqlar berildi. Jumladan, loyihalarni chuqur tahlil qilgan holda o‘rganish, ajratilgan kreditlar monitoringini olib borish, mijozbay ishlashni tashkil qilish, karantin davrida aholiga taklif etilayotgan onlayn xizmatlar salmog‘ini ko‘paytirish, xodimlar malakasini doimiy ravishda oshirib borish, ayniqsa joylarda xodimlarning bank xizmatlari bo‘yicha bilimlarini va mijozlarga maslahat berish ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birga, "O‘zmilliybank" AJ tizimida korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va shunday holatlar sodir etilishini oldini olish maqsadida "O‘zmilliybank" AJda Korrupsiyani oldini olish bo‘yicha komissiya tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zmilliybank” AJ xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha 2020 yil uchun chora-tadbirlar rejasi” ijrosi nazoratini kuchaytirish hamda komplaens-nazorat xizmati ta'sirchanligini oshirish vazifalari topshirildi.