Prezident Islom Karimov Shanxayga tashrif buyurdi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha Kengashning IV sammiti yig'ilishida ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbarini Shanxay shahridagi “Xuntsyao” xalqaro aeroportida XXR rasmiy vakillari tantanali tarzda kutib olishdi.
20 may kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Prezidenti Si Szinpin o'rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo'lib o'tadi. Suhbat davomida ikki mamlakat rahbarlari strategik hamkorlikning ustuvor maqsadli vazifalari hamda davlatlarimiz o'rtasidagi ko'p tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishning istiqbolli masalalarini atroflicha muhokama qiladilar.
21 may kuni Prezident Islom Karimov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha Kengashning IV sammiti yig'ilishi ishida ishtirok etadi.
Mazkur Kengash qit'ada hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan xalqaro forumdir. Kengashning asosiy maqsadi ko'p tomonlama munosabatlarni ishlab chiqish orqali bu yo'nalishdagi hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Bugungi kunda Kengashga 24 davlat a'zo bo'lib, to'qqiz mamlakat va to'rt xalqaro tashkilot uning kuzatuvchilari hisoblanadi.