Rasmiy munosabat
Joriy yilning 16 iyun kunida “Telegram” ijtimoiy tarmog‘idagi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida tashkil etilgan “Koronavirus info” rasmiy kanalida O‘zmilliybankning Uchtepa filiali xodimida koronavirus infeksiyasi aniqlanganligi to‘g‘risida ma'lumot berildi. Mazkur holat yuzasidan shuni ma'lum qilamizki, xodim virus infeksiyasi aniqlangan vaqtda mehnat ta'tilida bo‘lgan va ishga chiqishdan oldin profilaktika maqsadida virus mavjud yoki mavjud emasligi yuzasidan test topshirgan. Bu vaqtga qadar mazkur xodim ishda bo‘lmagan va filialning boshqa xodimlari hamda mijozlari bilan aloqa qilmagan. Shunga qaramay filialning barcha xodimlari virusni aniqlash bo‘yicha test topshirishdi hamda test natijalariga ko‘ra hech qaysi xodimda koronavirus infeksiyasi aniqlanmadi.
Bugungi kunda O‘zmilliybank Uchtepa filialida barcha karantin talablariga amal qilgan holda mijozlarga to‘laqonli xizmat ko‘rsatayotganligini ma'lum qilamiz.