“O‘zmilliybank” AJ: yaxshi dam mehnatga hamdam

Har bir kishi dam olishi uchun sharoitiga mos reja tuzadi. Ayniqsa, oilaviy davralar hamda oila a’zolari bilan birgalikda har bir daqiqani mazmunli o‘tkazish aksariyatning asosiy muddaosiga aylanadi.
“O‘zmilliybank” AJ ham xodimlarning maroqli hordiq chiqarishlarini ta’minlash maqsadida haftaning shanba va yakshanba kunlarida teatr kunini tashkil etib kelmoqda. Xususan, navbatdagi dam olish kunlarida bank xodimlari poytaxtimizning bir qator teatrlarida bo‘lib, yangi spektakllarni miriqib tomosha qilishdi.
O‘zbekiston Davlat satira teatrida mashhur rus yozuvchisi Gogolning “Revizor” asari asosida sahnalashtirilgan spektakl qo‘yildi. Jahon mumtoz dramaturgiyasining durdonasi bo‘lmish “Revizor” asari qaysi davrda bo‘lmasin inson tabiatidagi fazilati, qusurlari bilan yashovchan ekaniga, zamon o‘zgarsa ham o‘ziga xos qiyofada namoyon bo‘lishiga amin bo‘lamiz. Muallif unda jamiyatdagi tamagirlik, ko‘zbo‘yamachilik singari illatlarni hajv qilgan. Rus tanqidchisi V.Belinskiy “Revizor” ni “Vijdonga xilof ish qilgan odamlarning talvasasi”, deya ta’riflagan bo‘lsa, Gogolning o‘zi bu asarini “Bir kishi haqida emas, balki to‘g‘ri yo‘ldan adashgan butun bir jamiyat haqida” gi asar, deb aytgan.Spektaklda N.Gogolning ushbu asari yangicha talqin qilingani bilan ham tomoshabinlar e’tiborini tortdi.
Shuningdek, bank xodimlari shu kuni Muqimiy nomidagi Davlat musiqali teatrida “Yoshlik sog‘inchi” teatrlashtirilgan retro konsert dasturini tomosha qildi. Aytish joiz, ushbu konsert dasturida nafaqat bank xodimlari, ularning oila a’zolari ham vaqtlarini xush o‘tkazdi.
Muhimi, “Teatr kuni” da nafaqat kattalar, qolaversa, kichkintoylar ham e’tibordan chetda qolmadi. O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatrida bolajonlar uchun “Bukri oshpaz” ertagi namoyish etildi. Tarbiyaviy ahamiyati yuksak bo‘lgan mazkur spektakl chindan, bank xodimlarining farzandlarida o‘zgacha taassurot qoldirdi.
“Teatr kuni” dam olish haftasi “O‘zmilliybank” AJ jamoasi va ularning oila a’zolarida esda qolarli o‘tgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.