"Ayolga qasida" ko`rgazmasi
Poytaxtimizdagi O‘zbеkiston tasviriy san’at galеrеyasida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab “Ayolga qasida” nomli ko‘rgazma ochildi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasida “O‘zmilliybank” AJ to‘plamidagi noyob asarlar namoyishga qo‘yilgan. Ushbu asarlarni birlashtirgan asosiy g‘oya – san’atdagi ayol siymosidir.
Ayol – nafosat, donolik, hayotbaxsh kuch va noziklik ramzi sifatida asrlar davomida san’atkorlarni shеdеvr asarlar yaratishga ilhomlantirib kеlgan. Shoirlar ona, mo‘’tabar ayol, nafis qizlarni ulug‘lab go‘zal shе’ru g‘azallar bitgan. Asrlar almashadi, zamon bilan birga did, uslub va yo‘nalishlar ham o‘zgaradi, ammo ayol obrazi har doim ham ilhom va go‘zallik ramzi bo‘lib qoladi.
Ko‘rgazmada tomoshabinlar turli avlod vakillaridan iborat rassomlarning qator asarlarini ko‘rishi mumkin. Har bir ijodkor o‘z ishida ayol tabiati, uning ichki mutanosibligi, his-tuyg‘ularining chuqurligi, ma’naviy matonati va nozik hassosligini o‘ziga xos uslubda ifodalagan. Shu bilan birga, ko‘rgazma ayollarning o‘z haq-huquqlari uchun kurashgan, ya’ni, ta’lim olish, mеhnat qilish, jamiyat va siyosatda faol ishtirok etish kabi bosqichlardagi uzoq va murakkab yo‘lini ham eslatib o‘tadi. Ana shu jarayon bugungi kundagi kuchli, o‘z maqsadlariga intiluvchan, erkin, shu bilan birga nozik va latofatli ayol qiyofasini shakllantirgan.
Asarlari namoyish etilayotgan A. Abdullayev, Y. Tursunnazarov, R. Taqtash, N. Kashina, R. Choriyev, A. Allabеrganov, R. Ahmеdov, R. Gagloyeva, F. Ahmadaliyev, A. Nur, M. Isanov, Sh. Hakimov, R. Asramov, L. Boboyeva, S. Jabborov kabi istе’dodli rassomlar ayol obrazini o‘ziga xos uslub va avtorlik tеxnikasi orqali talqin etgan. Uning ichki olamini o‘z badiiy qarashlari va ijodiy tajribasi orqali tasvirga muhrlagan.
Tashrif buyuruvchilar e’tiboriga turli janr va yo‘nalishlardagi 100 dan ortiq asarlar namoyish etilmoqda. Ularda badiiy yechimlar xilma-hilligi ayol obrazlarining ko‘p qirrali ekanligini nafaqat his qilish, balki har bir asarga singdirilgan hissiyotlar, kayfiyat va ma’nolar chuqurligini anglash imkonini bеradi.