Yangi temir yo'li va tunnel transport va yuk trasportirovkasi bilan bog'liq masalalarni hal qiladi
Bundan bir yil avval “O'zbekiston temir yo'llari” Davlat aksiyadorlik temir yo'l kompaniyasi tomonidan yangi elektrlashtirilgan ”Angren-Pop” temir yo'li qurilishi boshlangan edi. O'tgan yilning sentyabr oyida “O'zbekiston temir yo'llari” DATK bilan Xitoyning “China Railway Tunnel Group” kompaniyasi o'rtasida tunnel qurilishi bo'yicha umumiy qiymati 455 mln. AQSh dollariga teng shartnoma imzolangan. Loyiha doirasida poyezdlar harakatlanishi uchun umumiy uzunligi 19 km.ga teng Qamchiq dovonidan o'tuvchi tunnel quriladi.
Transport – kommunikatsiya tarmoqlari, savdo sotiq va iqtisodiy rivojlanishda strategik ahamiyatga molik soha hisoblanadi. O'zbekistonning temir yo'l liniyalari uzunligi bugungi kunda 4200 km.ni tashkil qilmoqda. Ichki yuk aylanmasining 60 foizi va eksport-import yuk aylanmasining qariyib 80 foizi bugungi kunda temir yo'llari ulushiga to'g'ri keladi. Ayni shularni hisobga olgan holda, “O'zbekiston temir yo'llari” DATK bundan 3 yil avval umumiy uzunligi 122,7 km.ni tashkil qiluvchi elektrlashtirilgan “Angren-Pop” temir yo'li qurilishini boshlagan. Dastlabki hisob kitoblarga ko'ra, loyiha 1,7 mlrd. AQSh dollar atrofida baholangan. Loyihani moliyalashtirish bo'yicha Xitoy Eksimbankining 350 mln. AQSh dollar miqdoridagi zayomi, shuningdek Jahon bankining 200 mln. AQSh dollar qiymatidagi kredit liniyasi ham jalb qilinmoqda. Temir yo'l Qamchiq dovonidan o'tadi va O'zbekistonning markaziy qismini hozirda 10 mln. aholi istiqomat qilayotgan Farg'ona vodiysi bilan bog'laydi. Buning uchun esa Qamchiq dovonida tunnel qurilmoqda. Tunnel qurilishi Xitoyning “China Railway Tunnel Group” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 120 mln. AQSh dollariga teng mablag'larni o'zlashtirish ko'zda tutilgan.
Ma'lumotlarga ko'ra, Qamchiq dovonidan bir kecha-kunduzda 15-20 ming transport vositasi o'tadi. Ekspertlar temir yo'l va tunnel qurilishi eng avvalo, yuz minglab kishlar va minglab tonna yuklarning o'z manziliga xavfsiz yetkazilish kafolati bo'ladi, deya ta'kidlashmoqda. Yangi temir yo'l liniyasini 2016 yilning iyul-avgust oylarida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Loyiha Farg'ona vodiysi aholisi va ushbu hududda faoliyat ko'rsatayotgan korxonalar uchun transport, yuklar trasportirovkasi bilan bog'liq muammolarni hal qilishga imkon yaratadi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasida yo'lga qo'yilgan iqtisodiy hamkorlik doirasidagi eng yirik loyiha ichki transport tizimini rivojlantirish barobarida Osiyo bilan Yevropani bog'lovchi transmilliy transport yo'lagining muhim qismiga aylanadi.