Tijorat banklarida korporativ boshqaruv kuchaytiriladi
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qarori bilan tijorat banklarida korporativ boshqaruv to'g'isidagi nizomga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi. Unga muvofiq, endilikda har bir bank samarali korporativ boshqaruv bo'yicha ichki hujjatlarni ishlab chiqishi va amalga joriy etishi kerak. Shuningdek, mazkur hujjatlarda tijorat banklarining korporativ veb saytini yuritish tartiblari ham nazarda tutiladi.
Nizomga kiritilgan o'zgartish va qo'shimchalarga binoan banklarning ichki hujjatlarida minoretar aksiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish qo'mitasini tashkil etish imkoniyatlari ko'zda tutilishi kerak.
Shuningdek, nizomga bankning professional etikasiga oid talablar kiritildi. Xususan, bank samarali ichki nazoratni ta'minlashi, aksiyadorlar, mansabdor shaxslar va boshqalarning noqonuniy xatti- harakatlaridan bank manfaatlarini himoya qilishi, manfaatlar to'qnashuvini bartaraf etishi, mehnatga haq to'lash, xodimlarni rag'batlantirish, xodimlar va mansabdor shaxslarga kreditlar berayotgan paytda xavfsizlik va ishonchlilik talablariga qat'iy rioya etish kerak.
Bankning professional etikasi barcha darajadagi xodimlar, kengash va boshqaruv a'zolariga yetkazilishi va unga rioya etilishi ta'minlanishi lozim.
Aksiyadorlar, omonatchilar va boshqa manfaatdor shaxslar hamda bozor ishtirokchilarining shaffofligi samarali korporativ boshqaruvning muhim shartlaridan biriga aylanishi kerak. Bu asosan bankning turli xatarlarga barqarorligi bo'yicha ma'lumotlarni oshkor etish jarayonlarini o'z ichiga oladi. Axborotlar aniq, tushunarli bo'lishi,bankning korporativ saytida vaqtida e'lon qilinishi lozim.
UzReport