“Prezident blogerlari” YouTube kanalidagi video lavhaga “Oʼzmilliybank”АJning rаsmiy munosаbаti
Joriy yilning 22 dekabrь kuni “Blogerlar assotsiatsiyasi” raisi Olimjon Toʼxtanazarov ogʼzaki murojaatiga asosan, “Oʼzmilliybank” АJ Bosh ofisida 3ta tegishli departamentlar direktorlari tomonidan qabul qilindi va suhbat davomida Fargʼona viloyati Soʼx tumanida qurib bitkazilgan zamonaviy istirohat bogʼiga ajratilgan kredit foizi, unda qurilgan koʼchmas mulklarni qayta baholash yuzasidan savollari borligini bildirib oʼtdi.
“Oʼzmilliybank” АJ Bosh ofisi binosi alohida qoʼriqlanadigan bino sifatida boʼlganligi uchun murojaatchi O. Toʼxtanazarovga bank xodimlari oʼzlarini tanishtirdilar hamda murojaatchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat (xizmat guvohnomasi), shuningdek korxona vakili sifatidagi ishonchnomalar yuridik va xavfsizlik masalalariga masʼul boʼlgan xodimlar tomonidan oʼrnatilgan tartiblarda soʼraldi.
Suhbat davomida, murojaatchi O. Toʼxtanazarovga, bergan savollari boʼyicha, tegishli javoblar berildi.
Jumladan,
- keltirib oʼtilgan istirohat bogʼiga 2018-yil 19-iyunda tasdiqlangan “Fargʼona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Bayonning 41-bandiga muvofiq, 2018-yil 13-iyuldan boshlab imtiyozli ravishda uzoq muddatli bir nechta kredit shartnomalariga asosan kreditlar ajratilgan. Bayonda berilgan topshiriqlar toʼliq bajarilgan. Shu vaqtning oʼzida, murojaatchining telefonidan korxona rahbariga qoʼngʼiroq qilinib, telefon orqali boʼlgan suhbat davomida ham kredit foizi, uning miqdori, bir nechta kredit olinganligi tasdiqlandi.
- bank kreditlari hisobiga qurilgan koʼchmas mulklarni qayta baholash masalasi boʼyicha, bugungi kunda ushbu istirohat bogʼini qurish uchun ajratilgan kreditlar kredit shartnomalarida belgilangan muddatlarda toʼlanmaganligi uchun sudga daʼvo arizasi kiritilgan.
Qoʼqon tumanlararo Iqtisodiy sudining 2021-yil 25-martdagi hal qiluv qaroriga asosan bankning daʼvo talablari toʼliq qanoatlantirilgan.
Mazkur qaror qonuniy kuchga kirganidan soʼng, garov mulklari turli joylarda joylashganligi sababli, qonunchilikda belgilangan tartibda ijro qilishlik uchun Majburiy ijro byurosi boʼlimlariga yuborilib, ijro ishlari yurituvi qoʼzgʼatilgan va majburiy ijro harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, murojaatchining zamonaviy istirohat bogʼida qurilgan koʼchmas mulklarni qayta baholash yuzasidan ilgari surgan masalasi boʼyicha shuni maʼlum qilamizki, Oʼzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʼgʼrisida”gi qonunining 54-moddasi, 4-qismiga asosan, kredit boʼyicha qarzdorlikni soʼndirish hisobiga undiruv qaratilayotgan garovga qoʼyilgan mol-mulk qoʼshimcha baholanmasligi hamda tijorat banki va qarz oluvchi oʼrtasida tuzilgan garov (ipoteka) toʼgʼrisidagi shartnomada koʼrsatilgan narx boʼyicha realizatsiya qilinishi qatʼiy belgilab qoʼyilganligi sababli, bank tomonidan garovga olingan istirohat bogʼi qayta baholanmagan.
Ushbu masala yuzasidan qoʼshimcha sifatida quyidagilarni bildiramiz.
Soʼx tumanida qurib bitkazilgan istirohat bogʼining yaxshi holatda ishlayotganligini murojaatchining oʼzi joylashtirgan videolavhasida ham tasdiqlab oʼtgan.
Ushbu istirohat bogʼi qurilishi boshlanishi va jarayonlarida, ishga tushguncha boʼlgan muddatda bank boshqaruvi va tegishli departamentlar rahbarlari tomonidan bir necha marta xizmat safarlariga borib joyida ish holati bilan tanishilib borilgan.
Videomurojaatda Soʼx tumanida istirohat bogʼini qurgan tadbirkor 72-yoshli onaxon deb aytib oʼtilgan, aslida istirohat bogʼini qurish uchun bankdan kredit olgan vaqtda korxona rahbari boshqa fuqaro boʼlgan, aytib oʼtilgan 72 yoshli onaxon korxona rahbarining onalari boʼladi (hozirda korxona rahbari).
Murojaatchi O. Toʼxtanazarov bilan oʼtkazilgan suhbat yakunida berilgan savollarini qayta oʼrganib, korxona rahbarini ham taklif qilgan holda qoʼshimcha uchrashuv tashkil qilinishini, ularga batafsil tushuntirish berilishi hamda bu masala yuzasidan bank boshqaruvi shaxsiy qabulini tashkil etishga tayyorligimiz bildirib oʼtildi.
“Oʼzmilliybank” АJ
Matbuot xizmati