O'zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 10,8 foizga o'sdi
Vazirlik va idoralar, xo'jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida bo'lib o'tgan hukumat yig'ilishida sanoat tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash dasturlari ko'rib chiqildi.
Xususan, ushbu dasturlar doirasida 2014 yilga mo'ljallangan muhim obyektlarini foydalanishga topshirish ishlarining holati har tomonlama tahlil qilindi. Majlisda berilgan ma'lumotlarga ko'ra, amalga oshirilayotgan faol investitsiya siyosati natijasida shu yilning birinchi yarmida o'zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 10,8 foizga, shu jumladan, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar 28,8 foizga ko'paydi. 2014 yilning Investitsiya dasturiga kiritilgan umumiy qiymati 680 million AQSh dollariga teng 64 ta loyiha tugallandi. Mazkur loyihalarning samarasi o'laroq, joylarda 1651 ta yangi ishlab chiqarish obyekti foydalanishga topshirildi.
Yig'ilishda yangi yuqori texnologik ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish, korxonalarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, infratuzilma va ijtimoiy soha obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo'yicha investitsiya loyihalari jadallashtirishni ta'minlaydigan amaliy chora-tadbirlar ko'rish zarurligi ta'kidlandi. Shuningdek, 2015 yil uchun Investitsiya dasturini ishlab chiqish, uni respublika hududlarini, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan o'rta muddatli kompleks dasturlar bilan o'zaro bog'liqligini ta'minlash yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi.