O'zbekistonda ikkita xalqaro ko'rgazma o'tkaziladi
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «2012 — 2016 yillarda qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturi to'g'risida» 2012 yil 21 maydagi qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi “Respublika agrosanoat kompleksi uchun mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning «Uzbekistan agrominitex Exro-2015» X Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko'rgazma-savdosini hamda qishloq xo'jaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarining «Uzbekistan agrotexmash Exro-2015» IV Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko'rgazmasini tashkil etish va o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risida” qaror qabul qildi.
Qabul qilingan Qarorning asosiy maqsadi qishloqda sanoat ishlab chiqarishi va qurilishni yanada jadal rivojlantirish, eng yangi texnologiyalar va zamonaviy texnika bilan jihozlangan meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash bo'yicha ixcham korxonalarni tashkil etish, yetakchi xorijiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqariladigan ilg'or, yuqori samarali mini-texnologiyalar va asbob-uskunalar bilan tanishish uchun fermer xo'jaliklari, agrofirmalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ularni sotib olishda ularga ko'maklashishga qaratilgan.
Unda belgilanishicha, 2015 yil 27 — 30 mayda Toshkent shahrida «O'zekspomarkaz» Milliy ko'rgazmalar kompaniyasi aksiyadorlik jamiyatining ko'rgazma maydonlari bazasida: Respublika agrosanoat kompleksi uchun mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning «Uzbekistan agrominitex Exro-2015» X Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko'rgazma-savdosini hamda qishloq xo'jaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarining «Uzbekistan agrotexmash Exro-2015» IV Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko'rgazmasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Qarorda belgilanishicha, «O'zekspomarkaz» Milliy ko'rgazmalar kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyatining ko'rgazmalar maydonlari ko'rgazmalar ishtirokchilariga bepul beriladi, ko'rgazma stendlarini qurish va qo'shimcha ko'rgazma uskunalarini taqdim etish va xizmatlar ko'rsatish esa belgilangan normativlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Ko'rgazmalar doirasida Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda boshqa tegishli tashkilotlar ko'magida, fermer xo'jaliklari, agrofirmalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari uchun mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari taqdimotlarini tashkil etgan holda, «O'zekspomarkaz» Milliy ko'rgazmalar kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati kinolektoriysida har kungi mavzuli seminarlar o'tkazilishi ham rejalashtirilgan.
UzReport