Bosh sahifa
/
Yangiliklar
/
O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasida boj to'lovla...

O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasida boj to'lovlariga tortilmaydigan mahsulotlar ro'yxati tayyorlanmoqda

30.07.2014

Turkmaniston Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Bayar Abayev boshchiligidagi Turkmaniston delegatsiyasining  mamlakatimizga tashrifi doirasida Toshkentda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo'yicha o'ninchi O'zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo  kommisiyasi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

O'zbekiston tomonidan komissiya hamraisi, O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo  vaziri Elyor G'aniyev ta'kidlaganidek, Turkmaniston bugungi kunda  O'zbekistonning  muhim va ishonchli hamkorlaridan biri sanaladi.  Ikki davlat o'rtasidagi  aloqalar  yaqin qo'shnichilik,  hurmat va  o'zaro manfaatlar asosida rivojlanib bormoqda.  Komissiya yig'ilishida berilgan ma'lumotlarga ko'ra, hozirda O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasida ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy  bazasi shakllangan. Tomonlar o'rtasidagi  savdo-iqtisodiy hamkorlik asosini  "Uzoq muddatli savdo-iqtisodiy hamkorlik yo'nalishlari to'g'risida"gi, "Sarmoyalarni o'zaro rag'batlantirish va himoya qilish to'g'risida"gi, "Ikki  tomonlama  soliqqa tortish hamda daromad va mol-mulk soliqlar to'lashdan  bo'yin tovlashning oldini to'g'risida"gi bitimlar, shuningdek "O'zaro tovar yetkazish to'g'risida"gi Hukumatlararo shartnoma va 2013-2017 yillarga iqtisodiy hamkorlik  Dasturi tashkil etadi.

Turkmaniston Prezidenti  Gurbanguli  Berdimuhammedovning 2013 yilda mamlakatimizga  qilgan rasmiy  tashrifi chog'ida  turli sohalardagi  munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan 7 ta hujjat imzolanib,  ular bugungi kunda amalga tatbiq etilgan.  Davlatimiz rahbarining  qo'shni mamlakatga   amalga oshiradigan  navbatdagi tashrifi oldidan  aloqalarning bugungi holatini chuqur tahlil qilish,  ikki davlat manfaatlariga mos keladigan loyihalarni  ishlab chiqish  ushbu komissiya oldiga qo'yilgan asosiy vazifalardandir. 

Ma'lumki, savdo-iqtisodiy aloqalar o'zbek-turkman  sherikchiligining  ustuvor yo'nalishi hisoblanadi. Shu yilning  birinchi yarmida   ikki  mamlakat o'rtasidagi tovar ayrboshlash hajmi  145,0 million AQSh dollarini tashkil etib,  shundan 128,4 millioni eksport, 16,6 million dollar import ulushiga to'g'ri keldi. O'zbekistondan Turkmanistonga asosan  mineral o'g'itlar, qurilish materiallari, meva-sabzavot mahsulotlari, elektr va mexanik uskunalar, transport vositalari, qora va rangli metalldan ishlangan buyumlar hamda xizmatlar eksport qilinayotgan bo'lsa,  o'z navbatida  neft mahsulotlari, propilen polimerlari va sulfat kislotasi kabilar  import sifatida olib kelinmoqda.

- Ikki  davlat o'rtasidagi savdo-sotiq aloqalarida ijobiy dinamika kuzatilmoqda, deydi Turkmaniston  savdo va  tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Bayar Abayev. -   Xususan, 2014 yilning  dastlabki 6 oyida  o'zaro mahsulot  ayrboshlash   hajmi 35 foizga oshdi.   Tovar aylanmasi bo'yicha O'zbekiston hozirda Turkmanistonning eng yirik 20 ta  savdo hamkori   qatorida  turibdi.  Bu esa  o'zaro munosabatlar  yuksak salohiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.     

Ma'lumotlarga  qaraganda,   bugungi  kunda  mamlakatimizda Turkmaniston sarmoyasi ishtirokida 7 ta korxona  faoliyat yuritmoqda.  Ularning  bittasi  100 foiz xorijiy sarmoyasi  asosida tashkil etilgan.   Ushbu korxonalarning  asosiy faoliyati qurilish mollari ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash sanoati, savdo va xizmatlarga ixtisoslashgan. Turkmanistonda esa  O'zbekiston investitsiyalari  asosida  12 ta korxona  o'z faoliyatini amalga oshirmoqda.  

Garchi so'nggi 5-7 yil davomida ikki davlat o'rtasidagi tovar aylanmasi hajmi uch barobardan oshgan bo'lsada, uning hajmi  ikki davlatning bugungi kundagi rivojlanish darajasiga mos kelmaydi.  Bu borada  foydalanilmagan   salohiyat va imkoniyatlar    mavjud.

Xususan, transport va tranzit sohasi  savdo- sotiqni rivojlantirishda muhim rol o'ynaydi.  Hozirda  avtomobil va temir yo'llari integratsiyasi yaxshi yo'lga qo'yilgan  bo'lsada,   so'nggi  yillarda O'zbekistondan o'tayotgan   yuk aylanmasi hajmi  3 barobarga pasayib  ketgan edi.  Biroq, shu yilning birinchi yarmida bu borada  o'sish kuzatildi va  keyingi 2 yil ichida avvalgi  ijobiy ko'rsatkichlarni tiklash imkoniyati mavjud.   Bunda esa  mintaqaviy  transport yo'laklari hamda  tranzit imkoniyatlaridan unumli foydalanish lozimligi komissiya yig'ilishida alohida qayd etildi.  Shu yilning avgust oyida  O'zbekiston – Turkmaniston – Eron - Ummon o'rtasida  tranzit salohiyatini kengaytirish, yagona tariflar tizimini  shakllantirish, bojxona protseduralarini soddalashtirish bo'yicha  kelishuv imzolanishi ko'zda tutilgan.   Bundan tashqari,  ayni paytda tomonlar o'rtasida  boj to'lovlariga tortilmaydigan mahsulotlar ro'yxati ishlab chiqilmoqda.  

Yig'ilish  doirasida   shuningdek,  ikki davlat ishbilarmonlari hamkorligi uchun qulay muhit yaratish,   qolaversa  ilmiy-texnikaviy, madaniy  aloqalarni  rivojlantirishga oid qator masalalar  muhokama qilinib, amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan fikr almashildi. Komissiya yig'ilishi  yakunida  hamkorlikka doir hujjatlarning imzolanishi kutilmoqda.

 

Texnik qo'llab-quvvatlash NBU

onlayn

Xabar yuborildi

Qaytish bo\'shliqlar ro'yhatiga



Javob foydali bo'lsa, xursand bo'lamiz!

Texnik qo'llab-quvvatlash NBU

Men sizning virtual yordamchiman.

Texnik qo'llab-quvvatlash NBU