O'zbekiston moliya institutlarida xalqaro moliyaviy standartlar tatbiq etilmoqda
Banklararo moliyaviy xizmatlar markazida “Deloitte” kompaniyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda O'zbekiston banklar assotsiatsiyasi hamkorligida “O'zbekiston moliyaviy institutlari faoliyatida xalqaro tajribani qo'llash” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda O'zbekistondagi barcha banklar, shuningdek Moliya vazirligi, Davlat soliq qo'mitasi, jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirok etishdi. Davra suhbatida bank sektorida buxgalteriya hisoboti va soliqqa tortishning dolzarb masalalari ko'rib chiqildi.
Tadbirda Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari talablariga muvofiq tarzda moliyaviy hisobot tayyorlash hamda kredit xatarlarni baholash kabi mavzularga ham alohida e'tibor qaratildi. Bundan tashqari, “Deloitte” xalqaro kompaniyasi mutaxassislari xorijiy moliya institutlari tomonidan qo'llaniluvchi qator moliyaviy vositalar taqdim qilinib, xalqaro soliqqa tortish bo'yicha ayrim holatlar muhokama qilindi. Tadbirda ishtirok etayotgan bank rahbariyati, buxgalteriya bo'linmalari, kredit operatsiyalari, xatarlarni boshqarish va soliqqa tortish tashkilotlari vakillari uchun bank faoliyatidagi eng dolzarb muammolarni tahlil qilish imkoni yaratildi.
UzReport