"O‘zmilliybank"AJ: hududiy tarmoq xodimlari o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi
“O‘zmilliybank” AJ o‘zining 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida bankning hududiy tarmoqlari xodimlari uchun keng qamrovli o‘quv-mashg‘ulotlarini tashkil etmoqda. Bu tashabbus bankning kreditlash bo‘yicha faoliyatini yanada takomillashtirish, zamonaviy metodlarni joriy qilish va biznes mijozlar bilan samarali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Mazkur o‘quv dasturi doirasida 2024 yil sentyabr-noyabrь oylarida bankning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar bosh boshqarmasi va barcha hududiy bosh boshqarmalarida biznes mijozlarni kreditlash, kredit qarzdorliklarini undirish va monitoring qilish bo‘yicha mas'ul bo‘lgan mutaxassislar uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan joriy yilning 20-21 sentyabr kunlari Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari tarkibiy tuzilmalaridan 121 nafar xodim Loyihalarni moliyalash markazi, Yuridik, Kredit, Kichik va o‘rta biznes, Kreditlarni monitoring qilish va dastlabki undirish, Davlat dasturlarini moliyalashtirish va Kredit qarzdorliklarini undirish departamentlari mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilarga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun hamda 2023 yil 20 apreldagi “Yuridik shaxslarni va yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik sub'ektlarini kreditlash to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq ajratilgan yirik kreditlarni monitoring qilish tartibi, shuningdek, “O‘zmilliybank” AJda kreditlarni monitoring qilish va undirishning texnik jihatlari bo‘yicha batafsil ma'lumot berildi.
Mazkur o‘quv dasturi bankning kreditlash amaliyotida zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash va xodimlarning malakasini oshirishga xizmat qiladi. Bankning Xodimlarni o‘qitish va rivojlantirish boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirlar kreditlash jarayonida yuzaga keladigan muammolarni samarali hal etishga ko‘maklashadi hamda mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmat sifatini oshiradi. Har bir o‘quv darslarida gender tenglik masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.
Ma'lumot uchun, 2024 yilning 8 oyi davomida 4 116 nafar xodim “O‘zmilliybank” AJ o‘quv markazi hamda yetakchi mahalliy va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda malaka oshirish kurslariga jalb qilingan. Shulardan 1 855 nafari ayoldir. So‘nggi 2 yil davomida 44 nafar bank xodimi, shundan 9 nafari xotin-qiz Bank-moliya akademiyasi magistratura ta'lim yo‘nalishini muvaffaqiyatli bitirgan. Hozirgi kunda esa “O‘zmilliybank” AJ xodimlaridan 129 nafari, shundan 36 nafar xotin-qiz O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida tahsil olmoqda.