“To‘raqo‘rg‘on yashil makon” MChJ rahbari murojaati yuzasidan Munosabat
Namangan viloyati To‘rako‘rg‘on tumanidagi “To‘raqo‘rg‘on yashil makon” MChJ rahbari tomonidan 2023 yil 29 yanvarda “YouTube" internet tarmog‘iga qilgan murojaati yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Ushbu jamiyat tomonidan tumanda 29 gektar yer maydonida bog‘ tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, xozirda 10 gektar yer maydonida qisman mevali daraxtlar ekilgan (tomchilab sug‘orish tizimlari o‘rnatish ishlari ham qisman olib borilgan).
Jamiyat tomonidan bank krediti olish uchun boshqa shaxsga tegishli qurilishi tugallanmagan “Yoshlar sanoat zonasi”da joylashgan garov taʼminoti taklif etilgan (ushbu mulklarning egalik huquqini beruvchi, kimga tegishliligi bo‘yicha asosiy xujjatlari taqdim etilmagan).
“Yashil makon” dasturi doirasida bog‘ tashkil qilish uchun ish olib borilayotgan 29 gektar yer maydoni bo‘yicha ham foydalanish yuzasidan xuquqiy xujjatlar (yer ajratish bo‘yicha vakolatli organning qarori, bog‘ning kadastr xujjatlari) taqdim qilinmagan.
“To‘raqo‘rg‘on yashil makon” MChJ raxbari Q. Siddiqovga kredit ajratish shartlari bo‘yicha batafsil tushuncha berilgan. Mazkur yerning qarori va tegishli kadastr xujjati bo‘lmaganligi sababli kredit ajratilmasligi bildirilgan.
Shuningdek, mijozga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 21 dekabrdagi PQ-4071-sonli qarori va bank kredit siyosatiga asosan loyiha tashabbuskorining o‘z mablag‘i loyihaning kamida 30 foizini tashkil etishi, mahsulot sotib olish uchun shartnomaning eng kamida 15 foizini tashkil qilishi zarurligi ham qayd qilib o‘tilgan.
Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, kredit olish uchun talab qilinadigan garov taʼminoti, ularning huquqiy va boshqa hujjatlari taqdim qilinganda, bank tomonidan kredit ajratish masalasi qayta ko‘rib chiqilishini bildirib o‘tamiz.