Moliya institutida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi
Mamlakatimizda moliya sektorini barqarorlashtirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni izchillik bilan amalga oshirish dolzarb masalalardan hisoblanadi. Shu maqsadda, Toshkent moliya institutida O'zbekiston Respublikasi Markaziy Banki, Moliya vazirligi va Bank -moliya akademiyasi xamkorligida "O'zbekistonda moliyaviy sektorning rolini oshirish va unda ilg'or xorij tajribasidan foydalanish" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o'tkazildi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori sur'atlarda o'sishi barcha mavjud imkoniyatlarning safarbar qilinayotganligi hamda o'zini oqlagan islohotlar strategiyasining izchil davom ettirilayotganligi hisobiga ta'minlanmoqda.
Xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes yuritish, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun zarur sharoit va qulay muhit yaratish borasida aniq chora-tadbirlarning amalga oshirilishini bunga misol qilib olishimiz mumkin.
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida mamlakat moliya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo'nalishlarini chuqur tadqiq etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish, jumladan ilmiy-amaliy anjumanlar o'tkazish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro konferensiya doirasida, davlat moliyasi barqarorligini ta'minlash, fond bozori va korporativ boshqaruv tizimini rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash va xorijiy investitsiyalar keng jalb etish, tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini oshirish, buxgalteriya hisobi va auditni rivojlantirishning xalqaro tajribalarini o'rganish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarida moliyaviy munosabatlarni takomillashtirish masalalariga oid zamonaviy muammolar tadqiq etildi. Mazkur konferensiya moliyaviy sektorning rolini oshirish bilan bog'liq dolzarb masalalar bo'yicha batafsil fikr almashish, moliyaviy sektorni rivojlantirish borasidagi ilg'or xalqaro tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida ilmiy asoslangan, amaliy ahamiyatga ega bo'lgan takliflarni ishlab chiqishga xizmat qildi.
UzReport