Milliy bank respublikamiz eksport salohiyatini oshirishga ko'makalashmoqda
O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mamlakatimizdagi eng yirik moliya muassasalaridan biridir. Jadal sur'atlarda taraqqiy etib kelayotgan bank o'zini professional moliya instituti hamda mijozlar uchun ishonchli hamkor sifati namoyon qilishga erishdi. Bank faoliyati mahalliy kompaniyalarga xalqaro darajada xizmat ko'rsatish, shuningdek respublikamizda eksport salohiyatini oshirishga ko'makalashish kabi ustuvor maqsadlarga qaratilgan.
Ma'lumki, bugungi kunda mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish sohasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ichki va xalqaro moliyaviy operatsiyalarning deyarli barcha sohalarini qamrab oluvchi Milliy bank boshqa xizmatlar qatorida, o'z mahsulotini eksport qilayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy ko'mak ko'rsatishga yo'naltirilgan keng ko'lamli bank xizmatlarini taqdim qiladi. Xususan, bankda avvaldan olinuvchi to'lovlarni qaytarish kafolatlarini berish, shartnomalarni bajarish, o'zbek eksportyorlariga bevosita bank kreditlarini ajratish, loyihali moliyalashtirish kabi eksport-import kreditlash mexanizmlarini qo'llanadi.
Bundan tashqari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksport salohiyatini yanada kengaytirish, ularga zaruriy huquqiy, moliyaviy va tashkiliy ko'mak berish, mahalliy eksport qiluvchi tadbirkorlarni tashqi bozor konyukturasi o'zgarishi xatarlaridan ishonchli himoya qilish maqsadida, davlatimiz rahbarining 2013 yil 8 avgustdagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qaroriga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tashkil etildi. Hozirda mazkur Jamg'armaning Toshkent viloyatidagi bo'limi 90 ta korxonaga ko'mak ko'rsatgan bo'lib, natijada joriy yilning 1 sentabr holatiga umumiy qiymati 90 mln. AQSh dollaridan ortiq bo'lgan mahsulotlar eksport qilindi.
Jumladan, «AZALEA GARMENT» MCHJ qo'shma korxonasi ham shu kabi ko'makni olgan korxonalardan biri hisoblanadi. Unda faoliyat yurituvchi xodimlarning 40 foizini kollej bitiruvchilari tashkil qiladi. Qo'shimcha qilish joizki, «AZALEA GARMENT» korxonasi trikotaj mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zamonaviy uskunalar va yuqori siqatli matolardan foydalangan holda, mahalliy raqobatbardosh mahsulotlarni munosib tarzda xorijda taqdim etiyu kelmoqda.
UzReport