Markaziy bank hamda 'Moody's' xalqaro reyting agentligi bilan hamkorlikda 5-xalqaro yillik konferensiya o'tkazildi
Markaziy bank tomonidan «Moody’s» xalqaro reyting agentligi bilan hamkorlikda tijorat banklarining xalqaro reyting baholarini olish masalalariga bag'ishlangan navbatdagi 5-xalqaro yillik konferensiya o'tkazildi. Konferensiya davomida yevrohudud iqtisodiyotidagi o'zgarishlar va ularning MDH mamlakatlariga ta'siri, iqtisodiy nobarqarorlik oqibatlarining aktivlar sifati, bank tizimining tashqi zarbalarga moyilligi masalalari ko'rib chiqildi.
Tijorat banklarining 300 dan oshiq rahbarlari va mas'ul xodimlari ishtirok etgan mazkur konferensiya mamlakatimiz Prezidentining «2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichlariga erishishning ustuvor yo'nalishlari to'g'risida»gi qarori talablari ijrosini ta'minlash doirasida tashkil etildi. Yurtimizda bank tizimida olib borilayotgan izchil islohotlar va Markaziy bankning samarali bank nazorati, jumladan; aktivlar sifati, kredit portfelini diversifikatsiya qilish, kapital yetarliligi va likvidlik ko'rsatkichlari ustidan doimiy monitoring o'rnatilishi mamlakatimiz banklarining barqaror faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlarni hozirlayotgani anjuman davomida qayd etib o'tildi. Shuningdek «Moody’s» agentligi ekspertlari tomonidan kredit reytingini taqdim etish metodologiyasi bo'yicha batafsil ma'lumotlar berildi. Shundan so'ng O'zbekiston bank tizimida olib borilayotgan islohotlar natijalari bo'yicha mulohazalar bildirildi.
Eslatib o'tamiz «Moody’s»agentligi o'tgan yilning aprelidagi "O'zbekiston bank tizimining rivojlanish prognozi" deb nomlangan xisobotida ketma-ket beshinchi marta bank tizimining rivojlanish istiqbollarini "barqaror" deb tasdiqladi. Aktivlar sifatining barqaror dinamikasi, iqtisodiyotning yuqori o'sish sur'ati, banklarning yuqori daromadli ko'rsatkichlari, likvidlik darajasi va banklar faoliyatining samaradorligi kabi omillar mazkur prognozni aniqlashtiruvchi omillar bo'ldi. «Moody’s» agentligi fikriga ko'ra, respublika iqtisodiyotining barqaror o'sishi 12-
18 oy davomida banklar uchun qulay operatsiyalar muxitini ta'minlaydi.
So'nggi yillarda mamlakat moliya-bank tizimini barqarorligini yanada oshirish borasida katta ishlar amalga oshirildi Bank tizimi ko'rsatkichlari nafaqat xalqaro standartlarga javob beradi, balki ayrim me'yorlar bo'yicha yuqori mavqega egadir. Natijada katta uchlik - «Moody’s», «Standart & Poor’s» va «Fitch Rating’s» xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning barcha tijorat banklariga barqaror o'sishini tasdiqlovchi reyting baholarini taqdim etganlar. Tadbirda takidlanganidek konferensiya davomida bildirilgan tavsiya va xulosalar respublika bank tizimida olib borilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish va barqarorligini oshirish, yetakchi xalqaro reyting agentliklari standartlari va baholash ko'rsatkichlari asosida tijorat banklari faoliyatini baholashdagi yondashuvlarni takomillashtiradi, pirovardida bu banklar faoliyatini eng yaxshi xalqaro tajribalarga muvofikq tashkillashtirishga sharoit yaratadi.
UzReport