Butunjahon banki O'zbekistonga 42,2 mln. AQSh dollariga teng kreditni tasdiqladi
Butunjahon banki O'zbekistonga 42,2 mln. AQSh dollariga teng kreditni tasdiqladi
UzReport.uz
Shu yilning 27-aprel kuni Butunjahon bankining ijrochi direktorlar Kengashi mamlakatimizga Xalqaro taraqqiyot uyushmasining umumiy qiymati 42,2 mln. AQSh dollarga teng kreditlarini tasdiqladi. Ushbu mablag'lar “O'zbekistonda ta'lim tizimini modernizatsiyalash” loyihasini amalga oshirishga yo'naltiriladi.
Loyiha 21 asr o'rtalariga borib O'zbekistonning o'rtachadan yuqori bo'lgan daromadli sanoati rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishi kabi maqsadlarga qaratilgan. Bu esa eng avvalo zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega bo'lgan mutaxassislarga bog'liqdir. Aynan ular iqtisodiyotning raqobatbardoshligini ta'minlab, modernizatsiyalash jarayonlarida faol ishtirok etishadi.
-Oliy ta'lim innnovatsion g'oyalarini ilgari surish, yangi texnologiyalarni rivojlantirish va joriy etish, qolaversa mamlakatning iqtisodiy rivojlanish vazifalariga javob beruvchi sifatli kadrlar tayyorlashda o'ta muhim ahamiyatga egadir ,- deydi Butunjahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jungxun Cho.
Mazkur loyiha ta'lim tizimida boshqaruv salohiyatini kuchayirish, mehnat bozori talablaridan kelib chiqib oliy va o'rta ta'lim tizimini modernizatsiyalashga qaratilgan. 2016-2023 yillarga mo'ljallangan loyiha Butunjahon bankining texnik ko'magida Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Uning doirasida vazirlik qoshida Akademik innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tashkil etiladi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston 1992 yilda Butunjahon banki a'zolar safiga qo'shilgan. Hozirda bankning amaldagi majburiyatlar hajmi qariyb 2 mlrd. dollarni tashkil qiladi.
UzReport.uz