Biznes-klinika loyihasi: pandemiya va pandemiyadan keyingi davrda biznesni qo‘llab-quvvatlash
«Biznes-klinika» loyihasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq maslahatlar berish va davlatimiz rahbarining farmonlarida nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida to‘liq va ishonchli ma'lumot yetkazish maqsadida 2020 yil may oyida ishga tushirildi.
BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan O‘zbekistonda ishga tushirilgan COVID-19 ga qarshi tezkor harakat qilish mexanizmi (ingl. Rapid Response Facility) doirasida uchta yo‘nalish bo‘yicha ishlar taklif qilindi:
1) Ehtiyojlarni tezda aniqlab ular bo‘yicha yechim topish;
2) Inqirozga qarshi samarali boshqaruv;
3) Erta tiklanish.
Uchinchi yo‘nalish doirasida BMT Taraqqiyot Dasturi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari uchun Biznes-klinika loyihasini ishga tushirdi. Biznes-klinika pandemiya davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarga biznesni tiklash va davlat tomonidan beriladigan imtiyoz va preferensiyalar bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha bepul maslahatlarni berib boradi.
Biznes-klinika tadbirkorlik sub'ektlari bilan operativ aloqa uchun quyidagi imkoniyatlarni yaratdi: https://t.me/biznes_klinika telegram-kanali ishga tushirildi, 1094 ishonch qisqa raqamiga tushayotgan savollarga 24 soatlik konsul'tasiyalar berish tizimi yo‘lga qo‘yildi, www.businessinfo.uz vebsaytining Biznes-klinika bo‘limida onlayn-murojaatlar qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Loyiha rahbariyati pandemiyadan zarar ko‘rgan barcha kichik va o‘rta biznes vakillarini Biznes-klinika orqali tajribali mutaxassislardan biznesni tiklash va inqirozdan bosqichma-bosqich chiqish imkoniyatini beradigan soliq, bojxona, kredit va boshqa imtiyozlar bo‘yicha konsul'tasiyalar olishga taklif qiladi.
Dastur haqida to‘liq ma'lumot www.businessinfo.uz vebsaytida va https://t.me/biznes_klinika telegram-kanalida berilgan.