Bank-moliya akademiyasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo'lib o'tdi
26.10.2016
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Banklar Assotsiatsiyasi va Bank-moliya akademiyasi hamkorligida "Iqtisodiyotda korporativ boshqaruv tizimini rivojlantirish va investitsion muhit jozibadorligini oshirishning dolzarb masalalari" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo'lib o'tdi. Mazkur tadbir Mustaqklligimizning 25 yilligi hamda O'zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi tashkil etilganligining 20 yilligiga bag'ishlab o'tkazildi.
Konferensiyaning o'tkazilishidan asosiy maqsad korporativ boshqaruv uslublarini aksiyadorlik jamiyatlarida joriy etishga qaratilgan qonun, farmon va qarorlarni yig'ilganlar bilan atroflicha muhokama etishdan iboratdir. Anjumanda ishtirokchilar tomonidan qilingan ma'ruzalarda respublikamiz bank-moliya sohasida korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, iqtisodiyotda korporativ boshqaruv tizimini rivojlantirish hamda mamlakatimizda qulay investitsion va biznes muhitni shakllantirishdagi qilingan ishlar muhokama etildi. Shuningdek, tadbirda aksiyadorlik jamiyatlari, real sektor korxonalari va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining innovatsion faoliyatini rivojlantirish kabi ustuvor masalalar ko'rib chiqildi va ular bo'yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Aytish joizki, mamlakatimiz iqtisodiyoti sohasidagi tarkibiy o'zgartirish jarayonlarida tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish borasida bajarilayotgan ishlar alohida e'tiborga loyiqdir. Mutaxassislarning bergan malumotlariga ko'ra, 2015 yilda mamlakatimizda barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 15 milliard 800 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar jalb etildi va o'zlashtirildi. Bu esa 2014 yilga nisbatan 9.5 foizga ko'pdir. Qayd etish kerakki, konferensiya 5 ta seksiyada o'z ishini olib bordi. Unda qatnashchilar tomonidan 35 dan ziyod ilmiy ma'ruza va chiqishlar qilinib, respublika moliya-bank tizimi xodimlari, oliy o'quv yurtlarining professor-o'qituvchilari, ilmiy xodim-izlanuvchilari va amaliyotchi mutaxassislar o'z ma'ruzalari bilan ishtirokchilar oldida chiqish qilishdi.
Manba: uzreport.uz