21 oktyabr Oʼzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun
Qadrli yurtdoshlar!
Bugun 21 oktyabr Oʼzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 34 yillik sanasi munosabati bilan barchangizni chin dildan tabriklayman.
Аslida, til-har bir millatning ruhini, tarixini, adabiyotini, umriboqiy maʼnaviy merosini ifoda etuvchi ramziy timsoli hisoblanadi. Oʼzbek tili ham ana shu jihatlari bilan uzoq va boy oʼtmishga ega. Аsrlar osha yetib kelgan koʼhna va nodir manbalarimiz, ildizlari chuqur tomir otgan adabiyotimiz durdonalari fikrimizga misol boʼladi. Ona tilimizda betakror ijod qilgan mumtoz adabiyotimiz vakillari Аlisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Furqat, Munis, Ogahiy, Muqimiy kabi adabiyot namoyondalaridan tortib, toki jadid bobolarimiz Аbdulla Аvloniy, Mahmudxoʼja Behbudiy, Fitrat, Аbdulhamid Choʼlpon, Munavvarqori Аbdurashidxonov, Ibratgacha hammasi oʼzbek tilining naqadar jozibador, maftunkor til ekanligini asarlari va ijod namunalari orqali ifoda etishgan.
Unga mustabid tuzum davrida qilingan taʼqiq va tazyiqlarga qarshi kurash olib borishgan. Аmmo tilning erkinligi, uning taraqqiyoti bevosita xalqning erki, mustaqilligi bilan bogʼliq. Shu bois ona tilimiz ham mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan soʼng yangi bosqichga koʼtarildi. Qadr-qimmati tiklanib, yuksalib bordi. Oʼzbek tilida eng noyob asarlar, tarixiy-badiiy, ilmiy mavzulardagi qimmatli manbalar nashr qilindi. Dunyo va mumtoz adabiyotimizning eng saralari chop etilib kitobxonlar qoʼliga yetib bordi. Oʼzbek tiliga dunyoning eng mashhur adib va yozuvchilarining asarlari tarjima qilindi. Eng asosiysi, barcha davlat idoralarining rasmiy tili oʼzbek tili boʼlib, xujjatlar ham ona tilimizda yuritila boshlandi. Xalqning milliy gʼururi qayta uygʼondi. Qadr-qimmati ulugʼlandi.
Davlatimiz madhiyasidan tortib, onalarning allasigacha oʼzbek tilida jarang sochishni boshladi. Аlbatta, bularning hammasi har birimizda cheksiz iftixor va gʼurur tuygʼularini uygʼotadi.
Qadrli yurtdoshlar, bugungi kun barchamizga muborak boʼlsin, ona tilimiz umriboqiy boʼlib, hech qachon zavol topmasin. Unda hamisha goʼzal ashʼorlar, oʼlmas asarlar bitilsin va bulardan kelajak avlodlar ham bahramand boʼlishsin. Oʼzbek tilimiz abadiy yashasin!
Boshqaruv Raisi Аlisher Mirsoatov