Tadbirkorlik yanada rivojlanadi

03.02.2012

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Samarqand viloyat hokimligi bilan hamkorlikda “Tadbirkorlik – mustahkam oila poydevori” mavzuida biznes-forum tashkil etdi.
Mustahkam oila yili munosabati bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mazkur tarmoq vakillari manfaatlarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Xususan, tadbirkorlik subyektlari uchun soliq yengilliklari va tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar berilayotgani ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi hamda rivojlanishiga xizmat qilayotir.
Samarqand viloyatida 2011 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar miqdori 2010 yilga nisbatan 1,6 barobar ortib, 307 milliard 778 million so‘mni tashkil qildi. Natijada tarmoqning yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarishdagi ulushi 76,2 foizga yetdi.
Oilaviy tadbirkorlik aholi farovonligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
– Prezidentimiz tomonidan Mustahkam oila yili, deb e’lon qilingan joriy yilda ham har bir oilaning, ayniqsa, yosh oilalarning zamonaviy shart-sharoitda, farovon turmush kechirishiga erishish uchun banklar tomonidan qator chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan, – deydi O‘zbekiston Markaziy banki Samarqand viloyati bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Lutfulla Ziyoyev. – Jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga 317 milliard so‘m miqdorida kredit ajratish rejalashtirilmoqda. Bunda asosiy e’tibor oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, mustaqil hayotga qadam qo‘ygan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning biznes-loyihalarini moliyalashtirish kabi ustuvor vazifalarga qaratiladi.
Tadbirda 2011 yilda viloyatda “Eng yaxshi tadbirkor” deb topilgan kichik biznes cubyektlari vakillari tijorat banklari tomonidan taqdirlandi hamda yetmish nafar eng yaxshi biznes-loyiha egalariga kredit olish bo‘yicha sertifikatlar topshirildi.
Biznes-forum davomida tadbirkorlar va yosh oilalarga viloyatdagi tijorat banklari tomonidan Mustahkam oila yili munosabati bilan taklif etilayotgan xizmat turlari va boshqa imkoniyatlar haqida keng ma’lumotlar berildi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Z.Mirzayev ishtirok etdi.

 

O‘zA 03.02.2012






Оставайтесь в курсе последних событий

Будем отправлять одно письмо в неделю, и никакого спама