'BankExpo-2016' o'z ishini boshladi.
15.04.2016
2646
"BankExpo-2016" o'z ishini boshladi.
UzReport.uz
Bugun poytaxtimizdagi “Ko’rgazma Savdo Markazi” majmuida IX-an'anaviy "BankExpo-2016" – Bank xizmatlari, uskunalari va texnologiyalari Milliy ko'rgazmasi o'z ishini boshladi. Mazkur ko'rgazma Markaziy bank tomonidan Oliy majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo'mitasi hamda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda 2008-yildan buyon o'tkazib kelinmoqda. Unda mamlakatimizning barcha tijorat banklari o'z mahsulotlari va xizmatlarini aks ettiruvchi stendlari bilan ishtirok etishmoqda.
Mazkur ko'rgazmaning ochilish marosimida so'zga chiqqanlar keyinggi yillarda yurtimizda bank-moliya tizimida erishilayotgan yutuqlar haqida to'xtalib o'tishdi. Bu yo'lda albatta mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan banklarning o'rni beqiyos ekanligi ta'kidlandi. Ko'rgazmada mamlakatimizning barcha tijorat banklari, nobank kredit tashkilotlari, yetakchi sug'urta kompaniyalari, lizing kompaniyalari hamda axborot texnologiyalari kompaniyalari ham o'z mahsulotlari va xizmatlari to'g'risidagi ma'lumotlari bilan ishtirok etmoqda.
Mazkur ko'rgazma mijozlarni kreditlash shartlari, mexanizmlari va boshqa bank-moliyaviy xizmatlar ko'rsatish tartiblari, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi bilan yaqindan tanishtirishda, pirovardida mijozlarning banklarga bo'lgan munosabatini shakllantirish, ishonchini mustahkamlash va kredit tashkilotlari faoliyati samaradorligini yaxshilashda beqiyos o'rin tutadi.
Qayd etish kerakki, tijorat banklari ko'rgazmaga tashrif buyurganlarga, yurtimiz tadbirkor va yoshlariga ko'rsatilayotgan yangi xizmatlar, xususan yangi kredit va depozit mahsulotlari haqida ma'lumotlar beribgina qolmay, balki sohada amalga oshirilayotgan ishlar va aholiga ko'rsatilayotgan keng ko'lamli imtiyoz va sharoitlar haqida hikoya qiluvchi taqdimot marosimlarini ham o'tkazadilar.
Shuningdek, tadbir doirasida, IT kompaniyalari vakillari tomonidan bank marketingining yangi yo'nalishi ya'ni mijozlarni internet orqali jalb etishning zamonaviy usullari, mijozlar bilan o'zaro manfaatli munosabatlarni takomillashtirishning yangi uslubini joriy etish mavzularida seminarlar uyushtiriladi.
Shu bilan birga, tijorat banklari tomonidan chekka va aholi zich joylashgan tumanlarda faoliyat yuritayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, ishlab chiqarish mikrofirmalari, ayol tadbirkorlar, dehqon va fermer xo'jaliklari hamda endigina ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarning ish bilan bandlikni ta'minlash ko'zda tutilgan loyihalari bo'yicha o'tkaziladigan tanlovlar g'oliblariga imtiyozli kredit ajratish huquqini beruvchi 500 dan ortiq sertifikatlar topshiriladi.
Ko'rgazmada tadbirkorlik subyektlari vakillari, salohiyatli mijozlar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar olishi, o'zaro fikr va tajriba almashishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
UzReport.uz