Yangi G`ozg`on shahrida toshni qayta ishlash bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yirik klaster ishga tushirildi
17.11.2020
2779
Navoiy viloyatida yangi tashkil qilingan G‘ozg‘on shahrida ishlab chiqarish quvvati bo‘yicha Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan “Marmarobod” deb nomlanuvchi tabiiy toshlarni qazib olish va qayta ishlash klasteri ish boshladi.
Mamlakatimizda tabiiy pardozbop toshlarga bo‘lgan talab yil sayin ortib borayotganligini inobatga olib hamda G‘ozg‘on toshlarining shuhratini qayta tiklash va uning boy zahirasidan unumli foydalanish maqsadida Prezidentimiz 2019 yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida tabiiy toshlarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha klaster tashkil etish taklifini bildirgan edi.
O‘tgan qisqa muddatda ushbu tashabbusning amaldagi ijrosi ro‘yobga chiqarildi. Xususan, O‘zmilliybankning “NBU Gazgan invest” maxsus investisiya kompaniyasi tashkil etilib, umumiy yer maydoni 37 gektarni egallagan klaster yaratildi va uning tarkibida umumiy qiymati 52 mln dollarga teng 14 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Ushbu klaster yangi tashkil etilgan G‘ozg‘on shahri uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, shaharning barpo etilishi aynan mana shu yirik majmuaning qurilishidan boshlandi. Eng asosiysi, bu klasterdan asosiy murod ichki bozorni shu kungacha respublikamizga xorijdan valyuta hisobiga keltirilayotgan import o‘rniga arzon va sifatli mahsulot bilan ta'minlashdan iborat. Albatta, korxonaning rejalari katta bo‘lib, kelgusida xalqaro bozorlarga chiqish va mahsulotlar eksportini tashkil qilishdan iborat.
“Marmarobod” MChJ korxonasi ushbu klasterning asosiy bo‘g‘ini, ya'ni tabiiy toshlarni qazib olib, o‘zida qayta ishlash bilan birga boshqa korxonalarlarni ham xom-ashyo bilan ta'minlovchi korxona hisoblanadi.
Korxona hududida maydoni 11 000 kv.m. bo‘lgan zamonaviy ishlab chiqarish binosi qurib bitkazildi hamda xorijdan zamonaviy uskunalar olib kelib o‘rnatildi. Ushbu uskunalarning yillik quvvati 70 ming kub tosh qazib olish va 800 ming kv. metr toshni qayta ishlashga mo‘ljallangan.
Ushbu zavod ishga tushishi natijasida dastlabki bosqichda G‘ozg‘onlik mahalliy yoshlar uchun 400 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lsa, qolgan loyihalar ishga tushganda ish o‘rinlari soni 800 taga yetkaziladi.
Bundan tashqari, klaster tarkibida G‘ozg‘onlik mahalliy tadbirkorlar uchun 10 ta ishlab chiqarish binolari ham barpo qilindi hamda korxona hududida bank xizmatlari markazi, servis markazi, o‘quv markazi, ehtiyot qismlar va dastgohlar sotish do‘koni ham tashkil qilindi.
Shuningdek, klaster tayyor mahsulotlarini sotish maqsadida O‘zmilliybankning viloyat bo‘limlari qoshida “Tabiiy toshlarni sotish ofislari” tashkil qilinmoqda. Toshkentdagi O‘rikzor dahasida “Marmarobod” MChJ ko‘rgazma zallari (show room) ochildi.
Xulosa o‘rnida, Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan ushbu klaster mahsulotlari nafaqat yurtimizda, balki xalqaro bozorlarda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, korxona rivojlanishi bilan bevosita G‘ozg‘on shahrining iqtisodiy va eksport salohiyati yanada ortishi hamda G‘ozg‘on shahrining oddiy va mehnatkash xalqi esa ushbu ijobiy o‘zgarishlarni o‘z turmush tarzida yaqin kunlarda sezadi deb hisoblaymiz.