“O‘zmilliybank” Tasviriy san'at Galereyasida Xalqaro bolalar kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
01.06.2023
874
Bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir. Binobarin, ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir davlat, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchidir.
O‘zbekistonda ham farzandlarimiz ana shunday mehr-muhabbat, ulkan g‘amxo‘rliklar og‘ushida voyaga yetmoqda.
Ushbu masalalarni kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston liberal-demokratik” partiyasining XI sezdidagi nutqida
“Dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, insonning, shaxs kamoloti uchun yaratilgan imkoniyatlar jamiyat taraqqiyotida asosiy rol' o‘ynaydi.
Bu haqda so‘z yuritganda, donishmandlarning “Har qaysi insonning qalbida bir quyosh bor, faqat unga nur sochish imkonini berish kerak”, degan so‘zlarini eslash o‘rinlidir.
Chindan ham, insondagi aql-zakovat, iste'dod va qobiliyat quyosh kabi nur sochib, uning yo‘lini yoritsa, buning uchun imkoniyat yaratilsa, jamiyatda o‘sish, o‘zgarish va ravnaq bo‘ladi.
Xalqaro ekspertlar bilan birga o‘tkazgan tahlillarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun hayotimizdagi mavjud sharoitlar bolalarimizga faqat 60 foiz salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkon berar ekan”, deb ta'kidlab o‘tdilar.
Shu borada, kelajagimiz poydevori bo‘lgan yosh avlod - bolalarning salohiyatini va iste'dodini ochib berishga turtki berish maqsadida "O‘zmilliybank" Tasviriy san'at Galereyasida “Ulkan Muvaffaqiyatlar Boshi” (U.M.B.) bolalar studiyasi faoliyat yuritib kelmoqda. Bolalar studiyasining asosiy maqsadi bolalarga atrofdagi olamning go‘zalligi va uyg‘unligini ko‘ra olishni o‘rgatish, uni idrok etish hamda ifodalay olish qobiliyatini o‘stirishdir. Mashg‘ulotlar davrida bolalar O‘zbekiston Milliy banki to‘plamidan o‘rin olgan mashhur rassomlarning asarlari va dunyo tasviriy san'at merosini namoyon etuvchi xorijiy ijodkorlarning ijodi bilan tanishadilar. O‘zining ijodiy faoliyati davomida 1 iyun' Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga alohida tayyorgarlik bilan asarlar yaratadilar.
Bola tabassumi – olam bezagi. Ayniqsa, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida sayyoramiz bolajonlarining samimiy va beg‘ubor kulgusi bilan yanada yasharib ketadi. Bu sana har yili “O‘zmilliybank” Tasviriy san'at Galereyasida ham o‘zgacha intiqlik bilan kutib olinadi hamda an'anaga muvofiq bu bayramga bag‘ishlangan ko‘rgazma va konsert dasturi taqdim etiladi. Zero, bu kabi bolalar ko‘rgazmalari va tadbirlari farzandlarimiz salohiyatining o‘sishiga rag‘batlantiruvchi omil sifatida xizmat qiladi.
Joriy yilning 1 iyun kuni ham xuddi shunday tadbirlar o‘tkazildi. Mazkur ko‘rgazmada Galereyaning “Ulkan Muvaffaqiyatlar Boshi” bolalar studiyasi bilan birgalikda 14 ta san'at maktabi hamda studiyalari, xususan «Art Hameleon», «Barkamol avlod» (Toshkent), «Avokado», «Mehrli maktab», «Sharifart», Art-byuro «Kolibri», «Masterskaya», “MorozART” studiyalari hamda 10,18,19,26-sonli bolalar musiqa va san'at maktablari bolalarining 500 ga yaqin ijodiy rasmlari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma ekspozisiyasida “Mening oilam”, “Dunyo xalqlari ertaklari”, “Yurtim tabiati” kabi mavzularda bolajonlar tomonidan yaratilgan noodatiy va o‘ziga xos asarlarni ko‘rishimiz mumkin. Bu rasmlarda bolalarning ijodiy fantaziyasi, salohiyati va iste'dodi namoyon. Ularda bolalarning o‘z oilasiga, o‘z yurtiga bo‘lgan cheksiz muhabbati va kelajakka bo‘lgan yuksak ishonchi sezilib turadi.
Farzand – inson umrining mazmuni. Bolalar esa insoniyat hayotining mohiyatidir. Ular borligi uchun tamaddun charxpalagi hamon aylanib turibdi. Biz Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda sog‘lom va barkamol farzandlarimiz, bolalarimiz va yoshlarimizni hal qiluvchi kuch deb bilamiz. Shu maqsadda ularning bilim, madaniyat va san'at bo‘yicha salohiyatini ro‘yobga chiqarish va bu faoliyatdlarini rag‘batlantirish borasida ham yangi tizim yaratilishini hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz.
Ta'kidlab o‘tish joizku, “O‘zmilliybank” Tasviriy san'at Galereyasi tomonidan 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan tadbir doimiy ravishda o‘tkazib boriladi va bu go‘zal an'anaga aylangan.