Специальные возможности
16.05.2012

O‘zbekiston Prezidenti ODKB va MDH sammitlarida ishtirok etdi

      O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15 may kuni Moskva shahrida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) Kollektiv xavfsizlik kengashining yubiley sessiyasi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Davlat rahbarlari kengashining norasmiy majlisida ishtirok etdi.
     ODKB Kollektiv xavfsizlik kengashining sessiyasi Kremlda davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. So‘ngra Tashkilotga a’zo mamlakatlar rasmiy delegatsiyalari vakillari ishtirokida kengaytirilgan majlis o‘tkazildi.
     Kengashning ushbu sammiti Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi Toshkent shartnomasi imzolanganiga 20 yil va ODKB tashkil etilganiga 10 yil to‘lgan bir paytda bo‘lib o‘tdi.
     O‘tgan yillar davomida Shartnomaga qo‘shilgan mamlakatlar kollektiv xavfsizlik tizimini shakllantirish bo‘yicha murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Sobiq Ittifoq hududida yuzaga keladigan ko‘plab muammolarni hal etish borasida a’zo mamlakatlarning amaliy hamkorligi bo‘yicha katta tajriba to‘plandi.
     2002-yilda tuzilgan ODKB a’zo davlatlarning hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda ODKBning terrorizmga, narkotiklar va qurol-yarog‘ning noqonuniy savdosiga, uyushgan transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish va boshqa sohalarni o‘z ichiga olgan maqsadli vazifalari ko‘lami kengayib bormoqda.
     O‘zbekiston Prezidenti mintaqada va umuman dunyoda yuzaga kelgan, turli tendensiyalarga ega hamda ushbu makonda joylashgan davlatlar va xalqlarning muhim hayotiy manfaatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan murakkab siyosiy, harbiy-siyosiy, iqtisodiy vaziyatning o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda, Tashkilotni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
     Xususan, O‘zbekiston ODKBning asosiy maqsadi, avvalo, a’zo davlatlarni tashqi tahdidlardan himoya qilishdan iborat, deb bilishi ta’kidlandi. ODKB faoliyatining samaradorligi va uning yanada rivojlanishi ko‘p jihatdan Tashkilotga a’zo barcha davlatlarning hamjihatlik tamoyiliga amal qilishi hamda manfaatlari uyg‘unligiga bog‘liq ekani bayon etildi.
     Sessiya yakunlari bo‘yicha ODKBga a’zo davlatlar rahbarlarining Deklaratsiyasi va qator boshqa hujjatlar qabul qilindi.
     Shu kuni MDH Davlat rahbarlari kengashining norasmiy majlisi ham bo‘lib o‘tdi.
     O‘zbekiston tomoni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga ko‘p tomonlama hamkorlik uchun shart-sharoit yaratishdan manfaatdor suveren mamlakatlar birlashmasi sifatida qaraydi.
     Hamdo‘stlik ko‘p qirrali hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi vazifasini bajarishi mumkin va zarur. Shuningdek, u bevosita muzokara va davlatlararo muloqotlar, jumladan, turli darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar maydoni bo‘lib qolishi kerak.
     Uchrashuvda MDHga a’zo davlatlar rahbarlari o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
     O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Moskvaga tashrifi doirasida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi.
     O‘zbekiston rahbari Vladimir Putinni saylovoldi kampaniyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti yuksak lavozimiga saylangani bilan samimiy tabrikladi.
     Tomonlar dunyoda vaziyat shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi sharoitda, avvalo, oliy darajadagi doimiy muzokaralar jarayoni, siyosiy muloqot zarurligini hamda yuzaga kelayotgan yangi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi turishda, xalqaro xavfsizlikning ko‘plab keskin muammolariga yechim topishda o‘zaro kelishilgan pozitsiyalarni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar.
     Quyidagi ma’lumotlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yuksak sur’atlarda rivojlanayotganidan dalolat beradi: 2010-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 6,4 milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2011-yili bu ko‘rsatkich 6,7 milliard dollarga yetdi. Ushbu muhim sohada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Bu, birinchi navbatda, tovar ayirboshlashni diversifikatsiya qilish va sarmoyaviy sohadagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirishni taqozo etadi.
     Vladimir Putin, o‘z navbatida, Rossiya tomoni O‘zbekistonning turli sohalardagi ulkan salohiyatini yuksak baholashini, O‘zbekistonni mintaqadagi yetakchi mamlakatlardan biri, deb bilishini ta’kidladi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari zamon talab qilayotgan sur’at va sifat bilan ilgari odimlashimiz uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.
     Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga oid hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

O‘zA 16.05.2012

 


Курсы валют

  • USDUZS
  • 8620.00
  • EURUZS
  • 9770.00
  • RUBUZS
  • 138.00

Мобильное
приложение Milliy

Информация по кредитам
Погашение кредита
Информация по депозитам
Уведомление о наступлении срока погашения кредита и выплаты начисленных процентов по депозитам