O'zbekiston Prezidenti va Turkmaniston Prezidenti Toshkent shahrida muzokaralar olib bordilar
26.11.2013
3253
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 25-noyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlarini umumiy tarix, mushtarak madaniyat va qadriyatlar, o‘xshash til va urf-odatlar o‘zaro bog‘lab turadi. Taqdir sinovlari davrida bir-biriga yelkadosh bo‘lib, saodatli damlarda quvonchini baham ko‘rib kelgan o‘zbek va turkman xalqlari azaldan bir-birining madaniyatini boyitib, savdo-sotiq qilib keladi, bir daryodan suv ichadi.
Ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy va adabiy merosi xalqlarimizning umumiy mulki sanaladi. Ishonch bilan aytish mumkinki, Turkmanistonda Alisher Navoiy, O‘zbekistonda Mahtumquli asarlari kirib bormagan xonadon deyarli yo‘q.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar mustaqillik yillarida yangi, sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga ko‘tarildi. Bugun O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligi 2007-yilda imzolangan Do‘stona munosabatlar va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi davlatlararo shartnoma ruhida jadal rivojlanmoqda. Muntazam ravishda oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazib kelinayotgani buning yorqin tasdig‘idir.
O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining bu galgi Toshkent uchrashuvi oliy darajadagi samarador va faol muloqotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimidan keyin Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedovning yakkama-yakka suhbatida O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga doir keng ko‘lamli masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Suhbat chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, Turkmaniston rahbarining ushbu tashrifi o‘zaro ishonch, hurmat va manfaatdorlik, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at baxsh etishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Turkmaniston BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida izchil hamkorlik qilib kelayotgani, mamlakatlarimizning mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolarga yondashuvlari, qarashlari o‘xshash va yaqin ekani qayd etildi. Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik kabi tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikka doir masalalarni ham muhokama etdilar.
Ikki davlat rahbarlari Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashar ekan, Afg‘onistonda harbiy kuch ishlatish yo‘li bilan tinchlik o‘rnatib bo‘lmasligini yana bir bor ta’kidladi. 2014-yilda xalqaro koalitsiya kuchlarining Afg‘onistondan chiqarilishi xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, beqarorlikning mazkur mamlakat hududidan tashqariga yoyilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun keng ko‘lamdagi xalqaro hamkorlikni, sa’y-harakatlarni yanada faol muvofiqlashtirishni taqozo etishi qayd qilindi.
Markaziy Osiyoda suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Suv-energetika sohasiga oid masalalar xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yor va tamoyillari asosida, mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda, xalqaro tashkilotlar ishtirokida ko‘rib chiqilishi zarurligi ta’kidlandi. Transchegaraviy daryolarda gidroenergetika inshootlari qurish masalalariga BMTning transchegaraviy suv oqimlaridan foydalanishga oid konvensiyalari talablariga rioya qilgan holda yondashish lozimligi qayd etildi.
Prezidentlar ikki tomonlama hamkorlik strategiyasi hamda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar yuzasidan o‘zaro kelishilgan pozitsiya ishlab chiqish maqsadida oliy darajadagi uchrashuvlarni muntazam davom ettirishga kelishib oldilar.
Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov muzokarani O‘zbekiston va Turkmaniston rasmiy delegatsiyalari a’zolari ishtirokida davom ettirdilar.
Ikki mamlakat o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratadi.
Keyingi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobardan ziyodroq o‘sib, 2012-yil yakunlariga ko‘ra 450 million AQSh dollaridan ko‘proqni tashkil etdi. O‘zbekistonning Turkmanistonga eksporti mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari, poliz mahsulotlari, elektrik va mexanik uskunalar, transport vositalari, qora va rangli metallardan ishlangan buyumlar va turli sohadagi xizmat ko‘rsatishdan iborat. Turkmanistondan yurtimizga neft mahsulotlari, propilen polimerlari, sulfat kislota kabi tovarlar keltiriladi.
O‘zbekiston tomoni 2012-yilda imzolangan O‘zaro yetkazib berish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim hamda 2013-2017-yillarga mo‘ljallangan Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq ikki tomonlama savdo hajmini yanada oshirish va uni diversifikatsiya qilish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi. Xususan, O‘zbekiston korxonalari Turkmaniston bozoriga uzoq muddatli asosda va keng ko‘lamda mashinasozlik, elektrotexnika va kimyo sanoati mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari, zamonaviy yengil va yuk tashuvchi avtomobillar, avtobuslar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, qayta ishlangan poliz mahsulotlari yetkazib berishga tayyor.
Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi samarali mexanizm vazifasini o‘tamoqda. Joriy yil 11-12-noyabr kunlari Ashxobodda uning to‘qqizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘zaro savdo va sarmoya hajmini oshirish, milliy ishlab chiqaruvchilarning qo‘shni mamlakat bozoridagi o‘rnini kengaytirish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Biznes-forumlar tashkil qilish, milliy mahsulot va xizmatlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish ham ana shu maqsadga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Turkmaniston iqtisodiy hamkorligida transport kommunikatsiyalari ustuvor jihat sanaladi. Ikki mamlakatning avtomobil va temir yo‘llari yaxshi integratsiyalashgan tizim bo‘lib, nafaqat O‘zbekiston va Turkmaniston, balki uchinchi davlatlar uchun ham qulay tranzit majmui vazifasini o‘tamoqda. 2013-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston hududidan Turkmanistonga tegishli 304,9 ming tonna yuk tashib o‘tilgan bo‘lsa, ushbu davlat hududidan yurtimizga qarashli 283,8 ming tonna yuk olib o‘tildi. Transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro kelishilgan tarif siyosati yuritish ikki tomon salohiyatini to‘liq yuzaga chiqaribgina qolmay, O‘zbekiston va Turkmanistonning uchinchi davlatlar uchun jozibadorligini ham oshiradi.
O‘zbekiston tomonining fikricha, Eronning Bandar Abbos va Turkiyaning Mersin bandargohlari yo‘nalishi bo‘yicha Turkmaniston kommunikatsiyalarining raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish uchun tariflarni optimallashtirish, qulay preferensiyalar joriy etish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, mamlakatlarimizning Fors ko‘rfazi portlariga chiqishini ta’minlash uchun O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon-Qatar xalqaro transport va tranzit yo‘lagini barpo etish to‘g‘risidagi bitimni izchil va tizimli ravishda amalga oshirish zarur.
Mamlakatlarimiz xalqaro miqyosdagi yirik loyihalarni amalga oshirish borasida katta tajribaga ega. 2009-yilning dekabr oyida ishga tushgan Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy gaz quvuri buning yorqin tasdig‘idir.
Muzokarada qo‘shma korxonalar, milliy firma va kompaniyalar vakolatxonalarining sonini ko‘paytirish masalalari ham muhokama qilindi. Masalan, Ashxobod shahrida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarni sotish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Turkmaniston-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘lgan mazkur korxona ikki mamlakat bu borada talay imkoniyatlarga ega ekanini namoyon etadi.
Toshkentda Turkmaniston, Ashxobodda O‘zbekiston milliy ko‘rgazmalarini tashkil qilish yaxshi an’anaga aylangan. Shu bilan birga, savdo-sotiqni rivojlantirishda O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida to‘laqonli erkin savdo tartibining yo‘lga qo‘yilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Turkmaniston tomoni “Navoiy”, “Jizzax”, “Angren” iqtisodiy zonalari bilan tanishtirildi.
Muzokarada agrosanoat majmui sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni to‘liq amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Bu bitim qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berish, paxtachilik va g‘allachilik, o‘simliklarni kimyoviy va biologik himoyalash, seleksiya, kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Bu borada 2011-2013-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida ikki mamlakatning madaniyat va san’at namoyandalari O‘zbekistonda va Turkmanistonda o‘tkaziladigan turli konsertlar, festival va ko‘riklar, ko‘rgazma va forumlarda faol ishtirok etmoqda. 2009-yilgi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida turkmanistonlik xonanda Lale Begnazarova Gran-pri sohibi bo‘lgan edi, 2011-yildagi festivalda esa “Galkinish” ijodiy guruhi uchinchi o‘rinni egalladi.
Oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida bir necha marta O‘zbekiston va Turkmaniston san’atkorlarining qo‘shma konsertlari o‘tkazildi. O‘zbekiston-Turkmaniston xalqlarining do‘stlik festivali deb atalgan bu anjumanlar ikki mamlakat madaniy hayotida katta voqea bo‘ldi.
2013-yilning avgust oyida O‘zbekiston vakillari Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan iqtidorli bolalarning “Avaza – do‘stlik o‘lkasi” xalqaro festivalida ishtirok etdi.
Kelishuvga binoan bundan buyon ham ikki mamlakatda o‘tkaziladigan festival, konsert, ko‘rik-tanlov va ko‘rgazmalar, shuningdek, sport musobaqalari haqida muntazam ravishda ma’lumot almashib boriladi hamda madaniyat va san’at namoyandalarining, sportchilarning faol ishtiroki ta’minlanadi.
Ilm-fan sohasidagi hamkorlik yuksalmoqda. Xususan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Genetika va eksperimental biologiya instituti vakillari turkmanistonlik hamkasblari bilan Turkmaniston sharoitiga mos keladigan urug‘lik chigit va don navlarini yaratish borasida hamkorlik qilmoqda. Ilm-fan vakillari neft kimyosi sohasida ham qo‘shma izlanishlar olib bormoqda.
Muzokarada sayyohlik sohasida mamlakatlarimiz ulkan imkoniyatlarga ega ekani ta’kidlandi. “Buyuk ipak yo‘li” sayyohlik loyihasi doirasida kombinatsiyalashgan sayohatlar tashkil qilish orqali bu sohadagi aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi. Boshqacha aytganda, O‘zbekistonga kelgan sayyoh Turkmaniston, Turkmanistonga borgan sayyoh O‘zbekiston orqali qaytib ketishini yo‘lga qo‘yish mumkin. Shu tariqa milliy aviakompaniyalarning hamkorligini kengaytirish uchun ham yaxshi zamin yaratiladi.
Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati xabar qiladi.