2014 yil yakunlariga ko'ra aholi bo'sh pul mablag'larini banklardagi omonatlarga jalb qilish bo'yicha tanlov g'oliblari taqdilrlandi
08.02.2015
2726
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Aholining omonatlarini jalb qilish bo'yicha Respublika tijorat banklari o'rtasida tanlov o'tkazish to'g'risida"gi 2008 yil 31 oktyabrdagi Qaroriga muvofiq respublika tajorat banklari o'rtasida 2014 yil yakunlariga ko'ra aholi bo'sh pul mablag'larini banklardagi omonatlarga jalb qilish bo'yicha tanlov o'tkazildi. Tanlov g'oliblarini tantanali taqdirlash marosimi joriy yilning 7 fevral kuni O'zbekiston banklari Assotsiatsiyasida bo'lib o'tdi.
Mamlakatimiz rahbarining mazkur qaroriga muvofiq aholining omonatlarini jalb qilish bo'yicha respublikamiz tijorat banklari o'rtasida har yili tanlov o'tkazilishi banklarning aholi omonatlarini jalb qilish borasidagi faoliyatini yanada jadallashishiga, bank xizmatlari sifatining oshishi va turlarini kengayishiga, jismoniy shaxslarning talab va istaklarini inobatga olgan holda yangi omonat turlarining joriy etilishi va ko'payishiga olib keldi. Shuningdek, mazkur tanlov omonatlarni jalb etishda sog'lom raqobat muhitini shakllantirish hamda bu sohada ilg'or xalqaro tajribani keng joriy etishga xizmat qilmoqda.
Tanlovda jami 26 ta tijorat bankining 846 ta filiallari, 4 200 ta mini-banklari hamda maxsus kassalari ishtirok etdi. G'oliblarni e'lon qilish O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo'mitasi, O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O'zbekiston banklari Assotsiatsiyasi, Fuqarolarning banklardagi omonatlarni kafolatlash fondi va tijorat banklarining rahbarlari ishtirokida tantanali ravishda o'tkazildi.
Tanlov natijalariga ko'ra g'oliblar sakkizta asosiy va o'n bitta qo'shimcha nominatsiyalar bo'yicha taqdirlandi. Shu tariqa tanlov g'oliblari sifatida quyidagilar e'tirof qilindi. "Aholi omonatlarini jalb qilish bo'yicha yilning eng yahshi banki" nominatsiyasida: Birinchi o'rinni -«Asaka» davlat-aksiyadorlik tijorat banki; Ikkinchi o'rinni - O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki; Uchinchi o'rinni - «Ipoteka-bank» aksiyadorlik tijorat ipoteka banki qo'lga kiritdi.
Plastik kartochkalar asosida ish haqi loyihalarini amaliyotga joriy etish bo'yicha eng yaxshi bank filiali" nominatsiyasida: Birinchi o'rin - Ipoteka-bankning Toshkent shahar filiali Amaliyot boshqarmasi; Ikkinchi o'rin - Ipak Yo'li bankning Amaliyot boshqarmasi; Uchinchi o'rinni esa - Invest Finans bankning Amaliyot boshqarmasi egalladi.
Tadbirda Yilning eng yaxshi kassiri" , "Milliy valyutadagi eng yaxshi muddatli depozit" , "Omonatlarni jalb qilish bo'yicha bank faxriysi", "Milliy valyutadagi eng yaxshi jamg'arma depoziti", Eng yaxshi plastik kartochkalar emitenti bo'lgan bank" , "Bankning eng zamonaviy jihozlangan bo'linmasi" kabi qo'shimcha nominzsiyalar bo'yicha ham g'oliblar taqdirlanishdi.
Milliy bankning Pul muomalasi departamenti direktori Bodyagina Lyudmila “UzReport” AA muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:
– Bugun tijorat banklarining aholi omonatlarini depozit hisoblarga qo'yish bo'yicha olib borgan faoliyati yakunlariga bag'ishlangan navbatdagi majlis bo'lib o'tdi. Bu tadbir tijorat banklari ishida rag'batlantiruvchi ekanligini tasdiqladi. Garchi bankimiz 2-o'rinni olgan bo'lsada, baribir kayfiyatimiz yaxshi. Joriy yilda aholi omonatlarini depozit hisoblarga qo'yish bo'yicha yetakchilikni yana qaytarib olishga harakat qilamiz. Agar 2014 yilda biz 162 mlrd.so’m jalb qilgan bo'lsak va hisoblardagi qoldiqlar miqdori 860 mlrd so'mni tashkil qilgan bo'lsa, 2015 yilda biz 185 ming nafar mijozni jalb qilishga va fuqarolarning omonat hisoblariga 1 trln 100 mlrd sum mablag' qo'yilishini ta'minlashga harakat qilamiz.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, jismoniy shaxslarning omonat hisobvaraqlariga qo'yiladigan mablag'lari barcha turdagi soliqlardan ozod qilingan bo'lib, ularning manbalari deklaratsiya qilinmaydi hamda ushbu mablag'larni omonatchilar cheklovlarsiz tasarruf etadilar. Bugun mamlakatimizda faoliyat ko'rsatayotgan tijorat banklari va ularning bo'linmalari milliy hamda chet el valyutasida cheklanmagan miqdorda va muddatlarda 250 dan ortiq omonat turlarini aholiga taklif etmoqda. 2014 yilda tijorat banklaridagi aholi omonatlarining hajmi 2013 yilga nisbatan 30,8 foizga oshdi.
UzReport