O'zbekiston iqtisodiyotining so'ngi uch yildagi o'sish sur'atlari 27% etdi
03.01.2013
4054
Jahon miqyosida moliyaviy va iqtisodiy inqiroz davom etayotgan bir paytda, ko‘pchilik mamlakatlarda o‘sish o‘rniga pasayish holatlari yuz berayotganiga, jiddiy ijtimoiy muammolar va yon-atrofimizda keskinlik, turli qarama-qarshilik kuchayib borayotganiga qaramasdan, O‘zbekistonda iqtisodiyot barqaror sur’atlar bilan rivojlanib, bu boradagi ko‘rsatkich 8,2 foizni, oxirgi uch yil yakuni bilan 27,7 foizni tashkil etgan.
Bu kabi raqamlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston xalqiga yo’llagan Yangi yil tabrigida keltirildi.
Shu bilan birga o‘tgan yilda davlat byudjeti umumiy xarajatlarining 59 foizi aynan sotsial sohalarga, ya’ni aholining ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilganini alohida ta’kidlab o’tdi. 2012 yilda aholining real, ya’ni amaldagi daromadlarning o‘rtacha 17,5 foizga oshgan, davlat byudjetidan oylik oladigan xodimlarning ish haqi, nafaqa va stipendiyalar miqdori o‘rtacha 26,5 foizga o‘sgan.
«Daromadlar oshishi bilan aholimizning banklarda saqlanayotgan omonatlari hajmi o‘tayotgan yilda 34,6 foizga, oxirgi uch yilda esa 2,4 karraga ko‘paygani hayotimiz tobora farovon bo‘lib borayotganining yaqqol ko‘rsatkichi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.
O‘z yakuniga yetayotgan yilda mamlakatimiz miqyosida 9,3 million kvadrat metr, shu jumladan, qishloq joylarda 7,2 million kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilganining o‘zi ham shunday xulosa chiqarishga asos bo‘lishi muqarrar.
Hayotimizni tubdan o‘zgartirayotgan bunday misollarni mamlakatimizning turli soha va jabhalaridan yana ko‘plab olib kelish mumkin», - dedi Islom Karimov.
“O‘zbekiston qo‘lga kiritayotgan bunday marralarning mustahkam zamini odamlarimizning, avvalo hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan yoshlarimizning dunyoqarashi, siyosiy va ijtimoiy faolligi, grajdanlik pozitsiyasi tobora kuchayib borayotganida, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi. Bularning barchasi shu yurtda yashayotgan har qaysi inson o‘zining, oilasining taqdirini biz uchun yagona Vatan bo‘lmish O‘zbekiston taqdiri bilan uzviy va chambarchas bog‘liq holda ko‘rayotganidan dalolat beradi va hayotga bunday yondashish ertangi kunimizning mustahkam poydevoriga aylanib bormoqda.
Ayni shu fursatdan foydalanib, hayotimizda yuz berayotgan ana shunday o‘zgarish va yangilanishlarning ijodkori va bunyodkori bo‘lmish siz, aziz yurtdoshlarimga mamlakatimizning taraqqiyoti, uni dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarishdek ezgu maqsadlarimizni amalga oshirish yo‘lidagi munosib xizmatlaringiz uchun chin qalbimdan minnatdorlik bildirishni ham qarz, ham farz deb bilaman”, - deya qo’shimcha qildi davlat rahbari.
“Bugun, mana shu munavvar daqiqalarda yangi yilga pok va qutlug‘ niyatlar bilan qadam qo‘yar ekanmiz, Ollohdan avvalo o‘z marhamati va nazarini ayamasdan, bebaho ne’mat bo‘lmish tinchlik va osoyishtalikni, ahillik va bag‘rikenglikni, qut-barakani yanada ziyoda qilishini, bundan buyon ham doimo yo‘limizni ochib berishini so‘raymiz.
Biz kirib kelayotgan yangi – 2013-yilga mamlakatimizda “Obod turmush yili” deb nom berdik. Buning zamirida xalqimiz, Vatanimiz istiqbolini, shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir inson, har qaysi oilaning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, shahar va qishloqlarimizni yanada obod, hayotimizni yanada farovon etishga qaratilgan amaliy intilishlarimiz mujassam ekani, o‘ylaymanki, barchamizga yaxshi ayon.
Yangi yilda iqtisodiyotimizning o‘sish sur’atlarini 8,0 foizdan kam bo‘lmagan darajaga ko‘tarish, uning raqobatdoshligini kuchaytirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, mulkdorlar kafolatini yanada oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakatini keng qo‘llab-quvvatlash, xalqimizning vijdoni bo‘lmish mahalla vakolatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni, hech shubhasiz, izchil davom ettiramiz.
Shu borada aholining real daromadlarini ko‘paytirish, jumladan, ish haqi, pensiya, ijtimoiy nafaqa va stipendiyalar 23 foizdan ko‘proq oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Yangi yilga mo‘ljallangan bunday dastur va rejalarimizning barchasi 2013-yilning o‘tib borayotgan eski yildan aslo kam bo‘lmasligiga, hayotimizning har tomonlama fayzli va barakali, sermazmun bo‘lishiga xizmat qiladi.
“Barchangizni bag‘rimga bosib, kirib kelayotgan yangi – 2013-yil bilan yana bir bor tabriklayman. Yangi yil har bir inson, har bir oilaga sihat-salomatlik, baxtu saodat va omad olib kelsin! Vatanimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin! Yaratganimiz el-yurtimizni o‘z panohida saqlasin! Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!”, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.
UzReport 03.01.2013