Lizing xizmatlri hajmi ortmoqda

07.07.2014

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida fermer xo‘jaliklarini lizing asosida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

“O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi boshqaruvi raisi N.Otajonov va boshqalar mamlakatimizda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami tobora kengayib borayotgani kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, xususan, fermerlar faoliyati samaradorligini oshirishda keng imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda lizing xizmatining rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy asos va keng imtiyozlar yaratilgan. Texnikani lizingga olishda fermer xo‘jaliklari, mashina-traktor parklari hamda hududiy “Qishloqxo‘jalikkimyo” aksiyadorlik jamiyatlari uchun qator imtiyozlar yaratilgan. Lizing muddatining 7-yildan 10-yilgacha ekani, texnika qiymatining 15 foizi oldindan to‘lanishi va lizing daromadi yillik foizining bank moliyalashtirish stavkasining ellik foizidan oshmasligi shular jumlasidandir.

“O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi o‘z faoliyatini boshlagan davrdan buyon 37 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi korxonasiga 1 trillion 108,8 milliard so‘mdan ortiq qiymatdagi 50 mingga yaqin texnika vositasini lizing asosida yetkazib berdi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, lizing faoliyati soliq imtiyozlari berish orqali ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq, lizing to‘lovlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan, lizingga berish uchun xorijdan yurtimiz hududiga olib kelingan texnika va uskunalar bojxona to‘lovidan ozod qilingan. Lizing shartnomasi amal qiladigan muddatlarda lizingga berilgan mulkka soliq to‘lanmaydi.

Davlatimiz rahbarining 2012-yil 21-maydagi “2012-2016-yillarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturi to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘layotir.

“O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi tomonidan joriy yilda to‘rt mingdan ortiq fermer xo‘jaligiga qirq turdagi to‘rt yarim ming donadan ziyod qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish rejalashtirilgan. Kompaniya tomonidan konsalting xizmati ko‘rsatish ham yo‘lga qo‘yilgani fermerlar uchun qulaylik yaratmoqda.






So`nggi yangiliklardan xabardor boling

Haftasiga bir martta xabar yuboramiz, va hech qanday spamlarsiz