Umar Rajabovning “Tafakkur” nomli shahsiy ko`rgazmasi
22.05.2024
21
Umar Rajabov zamonamizning eng ilg‘or rassomlari sirasiga kiradi. San'atga qo‘ygan bolaligidagi mehri uni yetuk rassom bo‘lib shakllanishiga sabab bo‘ldi. Ijodkorning tinmay o‘z ustida ishlashi va san'atdagi yangiliklarni o‘z ijodida namoyon etishi uning o‘ziga xos qirralaridandir.
Ijod Umar uchun hayot manbai, u o‘z asarlarida nafaqat betakror mamlakatimizning ko‘hna tarixiy obidalarini, balki oddiy insonlarning maishiy hayotini, zamonaviy hayotdagi dolzarb muammolarni ochib berishga harakat qiladi.
Rassom yaratgan arxitektura yodgorliklari manzaralari ham oddiy emas, unda bugungi kun nafasi, zamonaviy san'at yo‘nalishlarining qorishmasi mavjud.
Ijodkorning yana bir o‘ziga xos jihati uning izlanuvchanligi, rassom bir yo‘nalish va janrda qotib qolmasligidadir. U san'atdagi yangi texnika va uslublarni o‘z asarlariga tatbiq etadi va shu orqali o‘zining individual yo‘nalishiga ega bo‘ladi.
Rassom juda ko‘p sayohat qiladi va sayohatlari vaqtida ko‘rgan kechirganlarini, tarixiy maskanlardan olgan taassurotlarini ham matoga ko‘chiradi. Umar juda kuzatuvchan ijodkor, uning asarlari shunchaki xona inter'erlarini bezab turishini istamaydi, balki har bir asariga chuqur ma'no bahsh etadi. U yaratgan asarlarga nigoh tashlar ekansiz, undagi mazmunni anglashga intilasiz. Ijodkor asarlari tomoshabinni fikrlashga chorlayveradi.
Ko‘rgazma ekspozisiyasi rassomning oxirgi yillarda yaratgan ijod namunalaridan tashkil topgan bo‘lib, ijodkor har bir asariga o‘zining qalb qo‘rini ong shuurini bahshida etgani sezilib turadi. Bu matolarda muallifning ijodiy izlanishlari, bugungi dolzarb masalalarga bo‘lgan qarashlari aks etadi.