Zamonaviy texnologiyalar – fermerlar xizmatida
“O‘zekspomarkaz”da qishloq xo‘jaligi uchun minitexnologiyalar va ixcham uskunalarning “Uzbekistan Agrominitech Expo – 2012” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosi yakunlandi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Fermer xo‘jaliklari uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmaning so‘nggi ish kunida Xorazm, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlaridan fermerlar, agrofirmalar rahbarlari, ulgurji-chakana savdo kompaniyalari va kichik biznes vakillari ishtirok etdi.
– Xo‘jaligimiz g‘alla va sabzavotlar yetishtirishga ixtisoslashgan, – deydi Samarqand viloyatidagi “Burhon Pardayev yerlari” fermer xo‘jaligi rahbari Sunnat Burhonov. – Shuningdek, o‘n besh gektar bog‘imiz ham bor. Ko‘rgazma-savdoda “Agrobank”dan olingan kredit evaziga Germaniyada ishlab chiqarilgan 50 tonnalik sig‘imga ega sovutgich xarid qildik.
Davlatimiz rahbarining 2006-yil 24-avgustda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi uchun minitexnologiyalar va ixcham uskunalarning xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosini o‘tkazishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tkazilgan joriy yilgi ko‘rgazma-savdoda qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlari uchun zarur yuzga yaqin turdagi minitexnika va uskunalar namoyish etildi.
Xorazm viloyatidagi “Bahrom” fermer xo‘jaligi bir necha yildan buyon aholiga 6 xildagi sut, 12 xildagi murabbo va sharbatlar hamda non mahsulotlari yetkazib bermoqda. Fermer M.Rahmonov mazkur mahsulotlarni tayyorlaydigan uskunalarni avvalgi ko‘rgazma-savdolarda xarid qilgan edi. Bu gal mamlakatimizdagi “Mexmash Agro” mas’uliyati cheklangan jamiyatining kompyuterlashtirilgan issiqxona qurilmasi unda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Yig‘ma metall konstruksiyali mazkur issiqxona ichida isitish va sovutish tizimi o‘rnatilgan, – deydi M.Rahmonov. – Istalgan hududga ushbu yig‘ma issiqxonani o‘rnatib, qishda ham yozdagidek hosil olish mumkin. Shuningdek, u tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish uchun ham qulay. Bundan tashqari, Belarusda ishlab chiqarilgan ekskavator ham xarid qildik.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi rivojida suvni yuqori darajada tejaydigan tomchilatib sug‘orish tizimi, intensiv texnologiyaga asoslangan bog‘lar yaratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qish-bahor mavsumiga sifatli saqlashni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotir.
– Xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish infratuzilmasi tobora rivojlanmoqda va takomillashmoqda, – deydi Buxoro viloyatidagi “Nurmuhammad Mirjavohir” fermer xo‘jaligi rahbari Umidjon Ayitov. – Xo‘jaligimizda yetmish nafarga yaqin ishchi mehnat qiladi. Endilikda faoliyatimizni yanada kengaytirish maqsadida 23 gektar bog‘imizda yetishtirilgan mevani saqlash uchun Italiyada tayyorlangan 250 tonnalik sig‘imga ega muzlatgich xarid qildik. Shuningdek, Serbiyaning pastak mevali daraxt ko‘chatlari yetishtirishga ixtisoslashgan “Agroexem d.o.o” kompaniyasi bilan besh gektar bog‘ yaratish borasida kelishuvga erishdik.
Qishloq mulkdorlarining imkoniyatini yanada kengaytirish va zarur uskunalarni tanlashda yordam ko‘rsatish maqsadida ko‘rgazma doirasida dunyodagi yetakchi kompaniyalarning texnologiyalari taqdimoti, texnika va texnologiyalar xarid qilish uchun imtiyozli shartlarda kredit ajratish tartibi, ularni ishga tushirishga oid seminarlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zA 31.05.2012