Yurtimizda sanoatda ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishga katta ahamiyat qaratilmoqda
Mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning raqobatbardoshligini yanada oshirish, uni ishlab chiqarish hamda ichki va tashqi bozorlarda sotish hajmlarini ko'paytirish, shu asosda sanoat tarmoqlarini barqaror rivojlantirishni va eksport salohiyatini o'stirishni ta'minlash, shuningdek energiya samaradorligi va energiyani tejash standartlarini iqtisodiyotga yanada samarali joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining «Sanoatda ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishga va mahsulot tannarxini pasaytirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga ko'ra, uyushmalar, aksiyadorlik kompaniyalari va yirik sanoat korxonalari tomonidan O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan, birinchi navbatda energiya resurslari iste'molini qisqartirish va ishlab chiqarishda energiya samaradorligini oshirish, texnologik jarayonlarni hamda material xom ashyo resurslarini sarflash normalarini, foydalanish va noishlab chiqarish xarajatlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish yo'li bilan ratsionalizatsiya qilish, shu bilan birga, mehnat unumdorligini oshirish, boshqaruv hamda sanoat ishlab chiqarish xodimlari sonini maqbullashtirish va boshqa omillar hisobiga 2015 yilda ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va mahsulot tannarxini o'rtacha 10 foizga pasaytirish bo'yicha takliflari ilovaga muvofiq ma'qullandi.
Shuningdek, korxonalarda ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va mahsulot tannarxini pasaytirish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan har chorakda monitoring o'rnatiladi.
UzReport