Yakka tartibdagi tadbirkorlar endi belgilangan soliqlarini 'Elektron kalkulyator' orqali hisoblashlari mumkin
26.12.2013 "UzReport"
Bugungi kunda Davlat soliq qo'mitasining rasmiy sayti orqali soliq to'lovchilarga 31 turdagi interaktiv xizmatlari ko'rsatilishi yo'lga qo'yilgan bo'lib ayni paytda ularning soni va sifatini muntazam ravishda oshirib borishga harakat qilinmoqda.
Ma'lumki, jismoniy shaxslarning daromad, mol-mulk, yer hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarini hisoblovchi «Elektron kalkulyator» interaktiv xizmatidan hisoblash imkoniyati mavjud edi.
Endilikda mazkur xizmat turiga, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat'iy belgilangan solig'i va sug'urta badalini hisoblash imkoniyati ham qo'shildi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat'iy belgilangan solig'i, sug'urta badalini hisoblash imkonini beruvchi elektron kalkulyatorning asosiy maqsadi va vazifasi soliq to'lovchilarga qulay shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Ushbu xizmat turining afzalligi shundaki, birinchidan soliq to'lovchilarning vaqtini, ikkinchidan sarf-xarajatlarini tejasa, uchinchidan to'lanishi lozim bo'lgan qat'iy belgilangan soliq va sug'urta badallari summasini davlat soliq xizmati organlariga bevosita tashrif buyurmasdan internet tarmog'idagi www.soliq.uz rasmiy sayti orqali istalgan vaqtda mustaqil ravishda aniq hisoblash imkonini beradi.
Elektron kalkulyatordan yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanish istagida bo'lgan fuqarolar foydalanishlari mumkin, bunda elektron raqamli imzo talab etilmaydi.
Fuqarolar ushbu interaktiv xizmatning talab qilingan ma'lumotlarini to'ldirish orqali hisobot yilining xohlagan davrida (bir oy, 3 oy, 6 oy, 9 oy, 1 yil) to'lashi lozim bo'lgan qat'iy belgilangan soliq va sug'urta badali summasini bilib olishlari mumkin.