Tadbirkor ayollar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Qashqadaryo viloyati Yoshlar markazida “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi doirasida tadbirkor va hunarmand xotin-qizlar tajribasini ommalashtirish, ularning kasb mahorati, bilim darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishdagi ishtirokini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, “Tadbirkor ayol” uyushmasining viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining viloyat bosh boshqarmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda viloyatdagi yakka tartibda faoliyat yuritayotgan tadbirkor, ishbilarmon va hunarmand xotin-qizlar hamda tijorat banklari va viloyat davlat soliq boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, viloyat hokimining o‘rinbosari Inobat Karimova va boshqalar xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularning mehnat sharoitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik harakatiga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi. Ayni vaqtda xotin-qizlar mehnatining kasanachilik, kichik biznes kabi samarali usullarini yanada rivojlantirish, ularning huquqiy manfaatlarini qat’iy himoya qilish, mehnat muhofazasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, biznes-forumda ijtimoiy sheriklik, xotin-qizlar bandligini yanada oshirish uchun kreditlar ajratish borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Biznes-forumda xotin-qizlarning tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishlari, kredit olish bilan bog‘liq muammolari va boshqa masalalar bo‘yicha berilgan savollarga respublika Markaziy banki viloyat bosh boshqarmasi hamda tijorat banklarining mutaxassislari tomonidan javob berildi.
Tadbirda ishbilarmon va tadbirkor ayollar tegishli nominatsiyalar bo‘yicha munosib rag‘batlantirildi. “Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkor ayol” nominatsiyasida Qarshi tumanilik Dildora Rasulova, “Eng ko‘p mahsulot eksport qilgan tadbirkor ayol” nominatsiyasida shahrisabzlik tadbirkorlar – Yulduz Mamadiyorova va Fazilat Qodirova, “Ustoz-shogird” maktabini tashkil etib, eng ko‘p shogird tayyorlagan tadbirkor ayol” va “Eng yosh va yangi loyiha g‘olibi” nominatsiyalarida muboraklik Yulduz Chapayeva hamda opa-singil Muborak va Oybaland Daminovalar g‘olib, deb topildi.
Biznes-forum doirasida tadbirkor va hunarmand xotin-qizlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
O‘zA 08.05.2012