“O‘zmilliybank”AJ: teatr-ma’naviyat maskani
Haftaning qanchalik samarali va unumdor o‘tishini ta’minlashda dam olish kunlarini nechog‘lik mazmunli o‘tkazish muhim ahamiyatga ega. Shu bois xodimlarning kasbiy faoliyatidagi ijobiy ko‘rsatkichlarini yanada oshirish va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni ta’minlash maqsadida “O‘zmilliybank”AJ jamoasi poytaxtimiz teatrlarida yangi premeralar va spektakllar namoyishlarida bo‘lishdi. O‘tgan haftada Bank xodimlari O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatrida Aleksandr Belyayevning “Chelovek Amfibiya” fantastik romani asosida yaratilgan «Amfibiya odam» nomli fantastik sarguzasht musiqiy asarining premerasini tomosha qilishdi.
Suv ostida nafas oladigan yigit Ixtiandr go‘zal Guttiyeraga oshiq bo‘ladi. Ularning g‘aroyib sevgi hikoyasi kutilmagan sinovlar hamda qarshiliklarga duch keladi. Chunki odamlar dunyosida qahramon yigit Ixtiandr tushunmaydigan va tan olmaydigan boshqa qonunlar mavjud... Ular boshqalarga o‘xshamaydigan bu yigitga baxt va hayot huquqini o‘ziga xos tarzda taqdim etadi. Ammo bosh qahramon bu tortiqni qanday baholashi namoyish yakunida tomoshabinda ulkan tassurot va javobsiz savollarni paydo qiladi.
Asar musiqali chiqishlar orqali tomoshabinni yanada qahramonlar hissiyotlarini chuqurroq anglashga yordam beradi va spektakl jozibasini yanada oshiradi. Musiqani zamonaviy bastakor Yegor Shashin, libretto muallifi Natalya Kuzminix yozgan.
Georgiy Isaakyan rejissyorligida sahnalashtirilgan mazkur spektakl insonning yashashdan maqsadi, atrofdagi insonlarning baxt va vaqt haqidagi qarashlari, shuningdek, hayotda muhabbat atalmish ne’matning naqadar buyuk ne’matligini anglashga yordam beradi. Qolaversa, ijtimoiy munosabatlarning kishi hayotiga ta’siri xususida mushohada qilishga undaydi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu spektakl “O‘zmilliybank”AJ xodimlari haftaning dam olish kunlarini mazmunli va esda qolarli o‘tishini ta’minlashga xizmat qildi.