“O‘zmilliybank” AJ “Butunjahon jamg’arish kuni” tadbirida faolmiz
Har yili 31-oktabr dunyo bo‘ylab Butunjahon jamg‘arish kuni (World Savings Day) sifatida keng nishonlanadi. Bu sana ilk bor 1924-yilda Italiya, Milan shahrida o‘tkazilgan xalqaro omonat banklari kongressida e’lon qilingan bo‘lib, 1989-yildan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan rasman tan olingan. Ushbu kunning asosiy maqsadi — insonlarni pulni oqilona boshqarishga, tejamkorlik va jamg‘arish madaniyatiga o‘rgatishdan iborat.
O‘zbekistonda esa 2019-yildan buyon Markaziy bank tashabbusi bilan ushbu kun doirasida aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, jamg‘arish ko‘nikmalarini shakllantirish va raqamli moliya bo‘yicha bilimlarini kengaytirishga qaratilgan turli tadbir va loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.
“O‘zmilliybank” AJ ham ushbu tashabbuslarda faol ishtirok etib, har yili respublika bo‘ylab maktablar va oliy ta’lim muassasalarida moliyaviy savodxonlik darslari, o‘quv mashg‘ulotlari hamda mahorat darslarini tashkil etib kelmoqda.
Xususan, joriy yil oktabr oyida “O‘zmilliybank” AJ tomonidan Samarqand viloyatidagi 7 ta maktabda 150 nafardan ortiq o‘quvchi uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Tadbir davomida o‘quvchilar bank tizimi amaliyoti, pul jamg‘arishning ahamiyati hamda raqamli moliyaviy xizmatlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, Toshkent shahri, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 8 ta maktabda o‘tkazilgan interaktiv mashg‘ulotlar orqali 350 nafardan ortiq o‘quvchi qamrab olindi.
O‘zbekiston Milliy banki yoshlar orasida moliyaviy savodxonlikni keng targ‘ib etish maqsadida Toshkent shahridagi Sharqshunoslik institutida ham talabalarga mo‘ljallangan mahotat darsini o‘tkazdi. Ushbu tadbir doirasida talabalarga shaxsiy moliya boshqaruvi, bank tizimi faoliyati va bank mahsulotlarining haqida batafsil ma’lumot berildi. Bu tashabbuslar bilimga chanqoq, moliya sohasi bilan qiziquvchi yoshlar uchun amaliy tajriba orttirish imkonini yaratdi.
Jamg‘arish — bu shunchaki pul yig‘ish emas, balki mas’uliyatli hayot tarzidir. U orzular sari qo‘yilgan kichik, ammo muhim qadamdir. Favqulodda holatlarga tayyor turish, sifatli ta’lim olish, o‘z uyiga ega bo‘lish yoki kichik biznesni boshlash — bularning barchasi uchun jamg‘arma zarur.
Pulni to‘g‘ri sarflash, tejash va undan oqilona foydalanish har kimdan bilim, ko‘nikma hamda sabr talab etadi. Ayniqsa, bugungi tez o‘zgarayotgan iqtisodiy sharoitda moliyaviy savodxonlik har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har bir xarid, qarz yoki sarmoya — insonning kelajagiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli har bir moliyaviy qaror — ongli yondashuvni talab qiladi.
Ma`lumot uchun, zamonaviy texnologiyalar hayotimizni yanada qulay qilmoqda. Birgina telefon orqali bank hisobini yuritish, omonat ochish, xarajatlarni nazorat qilish va turli moliyaviy xizmatlardan foydalanish mumkin.
Biroq bu imkoniyatlardan xavfsiz va samarali foydalanish uchun raqamli moliyaviy savodxonlik zarur. Ushbu bilimlar nafaqat to‘g‘ri jamg‘arish, balki shaxsiy moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash, investitsiya qilish hamda mustaqil moliyaviy qarorlar qabul qilish imkonini beradi.