"Oʼzmilliybank” АJ aholini ogohlantiradi!
Oʼzmilliybank” АJ ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va respublikamiz aholisini “Milliybank tomonidan sizga 50 mln soʼm kredit ajratildi”- deb turli raqamlardan qoʼngʼiroq qilinishi hamda turli koʼrinishdagi sovgʼalar taqdim etiladi, degan yolgʼon xabarlar tarqatilib kelinayotganligi toʼgʼrisida ogohlantiradi.
Biz bank nomi ortida yashiringan firibgarlik sxemalarini inkor etamiz. Chunki ularning soni yil sayin ortib bormoqda. Firibgarlar yirik kompaniyalar, banklar, davlat muassasalari, jamgʼarmalar, hatto yurtdoshlarimiz alohida ishonch bildirgan taniqli shaxslarning nomlaridan foydalanadi. Shu bois, firibgarlarning qarmogʼiga tushib qolmaslik uchun hamisha eʼtiborli va ehtiyotkor boʼlish, eng avvalo, taklif etilayotgan saytning rasmiy ekanligiga eʼtibor qaratish lozim.
Har doim ishonchli maʼlumotlarni olish uchun faqat bankning www.nbu.uz rasmiy saytidan hamda Telegram dagi - t.me/nbu_official, Facebook dagi – www.fb.com/uznbu, Instagram dagi – www.instagram.com/nbu.official rasmiy axborot kanallaridan foydalaning yoki 78 148-00-10, 1344 raqamlari orqali bankning aloqa markaziga murojaat qiling. Ogoh boʼling va yaqinlaringizni ham bu firibgarlikdan ogohlantiring.
Bu kabi xabar bilan sizga qoʼngʼiroq qilishsa, gaplashmang.
Shuningdek, mavzuning davomi sifatida hamda bank kartalari boʼyicha firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida oʼz kartangizni jinoyatchilardan himoya qilishingiz mumkin boʼlgan oddiy qoidalarni yana bir bor eslatib oʼtmoqchimiz: begonalarga karta maʼlumotlari (raqam, amal qilish muddati, CVV/CVC, PIN-kod)ni yoki bankning mobil ilovasidagi oʼz akkauntingiz haqidagi maʼlumotlarni bermang. Unutmang, pullarni boshqa kartaga oʼtkazish uchun uning 16 ta belgidan iborat raqamini bilishning oʼzi yetarli. Yodingizda saqlang, bank yoki boshqa har qanday toʼlov tashkiloti xodimlari kartangizning amal qilish muddati yoki SMS orqali olingan tasdiqlash kodlarni sizdan soʼramaydi.
Hech qachon bir martalik tasdiqlash kodini begona shaxslarga bera koʼrmang. Firibgarlar ushbu tekshiruv kodi orqali sizning hisobingizdagi pul mablagʼlarini ruxsatingizsiz boshqa kartaga oʼtkazishi yoki mobil ilovalar yordamida pullaringizni boshqarishi mumkin. Kartangizni boshqalarning qoʼli yetmaydigan joyda saqlang va begona shaxslarga bermang. Oson pul taklif qilinayotgan xabarlarga, aksiyalardagi “tasodifiy” sovgʼalarga ishonmang, shubhali havolalar va saytlarga kirmang, ayniqsa u yerda oʼz karta maʼlumotlaringizni kiritib qoʼymang.
Har birimiz shaxsiy mablagʼlarimizga masʼuliyat bilan yondashsak, moliyaviy savodxon boʼlsak va bu oddiy qoidalarga amal qilsak, jinoyatchilar bizning pullarimizdan foydalana olmaydi.