O'zbekistonga jalb etilgan koreys investitsiyalari hajmi 6 mlrd. AQSh dollariga yetdi
Bugun Toshkentda "O'zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasining Evropa va Osiyo mintaqasida hamkorlik iqtisbollari" mavzuida biznes-forum boshlandi. Mazkur tadbirda ishtirok etish uchun mamlakatimizga hamkor davlatdan nufuzli delegatsiya, ya'ni Koreyaning akademik doiralari vakillari, iqtisodchi-olim va ekspertlar tashrif buyurishdi.
Unda e'tirof etilganidek, bugungi kunda O'zbekiston bilan Koreya o'rtasidagi munosabatlar 2006 yilda imzolangan strategik hamkorlik to'g'risidagi shartnoma asosida mustahkamlanib bormoqda. Mazkur mamlakat O'zbekistonning jahondagi eng yirik va ishonchli savdo hamkorlaridan biri sanaladi. O'tgan 10 yil davomida ikki davlat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4 barobarga o'sib, 2013 yilda 2,1 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Mustaqillik yillarida respublikamizga jalb etilgan to'g'ridan - to'g'ri koreys investitsiyalari miqdori esa 6 mlrd. AQSh dollariga yetdi. Hozirda koreyalik sarmoyadorlar bilan birgalikda O'zbekistonda bir qator strategik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2011 yilda boshlangan “Surgil” gazkimyo kompleksini qurish loyihasi bugungi kunda o'zbek-koreys hamkorligi ramziga aylandi.
Ma'lumki, global moliyaviy iqtisodiy inqirozdan so'ng Yevroosiyo bozori jahon iqtisodiyotini harakatga keltiruvchi kuchga aylandi. Ekspertlar jahonda Yevroosiyo davri boshlanganligini e'tirof etishmoqda. Ayni shu ma'noda 2013 yil Koreya Prezidenti Pak Kin Xe xonim tomonidan “Yevrosiyo tashabbusi” ilgari surilib, ayni paytda ushbu dastur doirasida yirik loyihalarga start berilgan. O'zbekiston ushbu tashabbusni to'liq qo'llab quvvatlashi biznes-forumida alohida ta'kidlandi. Chunki, mazkur tashabbus eng avvalo savdo aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan.
- O'zbekiston Osiyo bilan Yevropani bog'lab turuvchi chorrahada joylashgan. Yevrosiyo mintaqasidagi transport yo'laklari aynan O'zbekiston orqali o'tadi, - deydi Koreyaning Iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar fanlar bo'yicha milliy ilmiy kengashi raisi An Se Yon. - Shu bois, O'zbekiston bilan bu boradagi aloqalarni mustahkamlashga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Ushbu forum yagona Yevrosiyo mintaqasini tashkil etish bo'yicha sa'yi harakatlarning muhim qismi sanaladi. Unda transport, energetika, investitsiyalar bilan bog'liq masalalar ko'tarilmoqda. Bunda nafaqat sarmoyaviy hamkorlik, balki ilmiy doiralar o'rtasidagi aloqalarni kengaytirish ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu sababdan, biznes-forumda Koreyaning 9 ta ilmiy tadqiqot institutidan olim va ekspertlar ishtirok etdi. Ular hamkorlikning yangi yo'nalishlarini aniqlab, ilmiy jihatdan tahlil qilishadi. Bilim va tajriba almashinuvi gaz, transport, logistika kabi sohalarda o'zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ekspertlarning aytishicha, xalqaro savdoni kengaytirishda logistika bilan bog'liq masalalar o'z dolzarbligini ko'rsatadi. Turli davlatlar va turli mintaqalarni uzluksiz, ya'ni 24 soat davomida transport yo'laklari orqali bog'lash logistikaning asosiy vazifasidir. Transport logistikasi faqat sanoat tarmoqlarining rivojlanishiga xizmat qilib qolmasdan, yuk tashuvlar bo'yicha ham mamlakatga katta foyda keltiradi. Ayni paytda ikki davlat, Markaziy Osiyoda O'zbekiston, Shimoli-Sharqiy Osiyoda esa Koreya logistik xab faoliyatini rivojlantirishga harakat qilmoqda. Buning uchun esa erkin savdo va erkin iqtisodiy hududlarning mavjudligi asosiy faktor sanaladi. Ayni paytda Navoiy erkin iqtisodiy industrial zonasida koreyalik investorlar 20 dan ortiq loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, Xalqaro logistika markazi orqali “Koreyan Eyr” va “O'zbekiston Havo yo'llari” milliy aviakompaniyasi dunyoning turli davlatlariga haftasiga 30 ta doimiy reyslar bajarmoqda.
Biznes forumdan o'rin olgan 3 ta seksiyada trasport, energetika va qishloq xo'jaligi sohasidagi aloqalarni yanada jonlantirish, o'zaro hamkorlikning yangi yo'nalishlarini aniqlash bo'yicha fikr mulohazalar bildirilmoqda.