O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Xitoy Xalq Respublikasi Raisining uchrashuvi bo'lib o'tdi
UzReport 10.09.2013
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Raisi Si Szinpin 8-sentabr kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 9-sentabr kuni bo‘lib o‘tdi. Ko‘ksaroy qarorgohida XXR Raisini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Si Szinpin shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Xitoyning davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
Islom Karimov va Si Szinpinning tor doiradagi suhbatida tomonlar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga doir keng ko‘lamli masalalar, o‘zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdilar.
Islom Karimov O‘zbekistonda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning mamlakatimizga ilk davlat tashrifiga ikki tomonlama munosabatlardagi tarixiy voqea, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning tobora mustahkamlanib borayotgan asoslarining yana bir ko‘rinishi sifatida qaralishini ta’kidladi.
Si Szinpin ikki davlatning o‘zaro hamkorligiga yuksak baho berdi, Xitoy va O‘zbekiston xalqlarining tub manfaatlari va umumiy taraqqiyotga xizmat qiladigan bunday uchrashuvlar muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati xabar qiladi.