O'zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to'g'risidagi yo'riqnomaga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi
«O'zbekiston Respublikasining Markaziy banki to'g'risida»gi va 2015-yil 20-avgustdagi «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo'lidagi to'siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonunlariga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi O'zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to'g'risidagi yo'riqnomaga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritdi.
Ilgari tijorat banki milliy valyutada vakillik hisobvarag'i ochish uchun taqdim qilishi lozim bo'lgan statistika organlari tomonidan berilgan Korxona va tashkilotning yagona davlat ro'yxatiga kiritilganligi to'g'risida guvohnoma nusxasi endilikda topshirilmaydi.
Hujjatda belgilanishicha, banklar tomonidan ushbu Yo'riqnomada ko'zda tutilgan hujjatlardan boshqa qo'shimcha hujjatlarni talab qilish ta’qiqlanadi. Ilgari esa, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda qo'shimcha hujjatlar talab etilgan.
Qarorda shuningdek, tadbirkorlik faoliyati subyekti bo'lmagan rezident yuridik shaxslar hamda Byudjetdan mablag' oluvchilar tomonidan milliy valyutada talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka davlat soliq organlarida hisobga qo'yilganligini tasdiqlovchi qo'shimcha hujjat taqdim qilinishi zarurligi belgilab qo'yildi.
Rahbar shaxslarga vaqtincha birinchi yoki ikkinchi imzo huquqi berilganda, shuningdek, rahbar tomonidan vakolat berilgan shaxslardan birortasi vaqtincha o'zgarganda, vaqtincha vakolat berilgan shaxsning imzo namunasi qo'yilib, amal qilish muddati ko'rsatilgan qo'shimcha varaqcha taqdim qilinadi. Ushbu vaqtinchalik varaqcha rahbar tomonidan muhr mavjud bo'lgan taqdirda imzolanadi va muhrlanadi.
UzReport