“O‘zmilliybank” AJda “Xon atlas” haftaligi
Atlas va adras yorqin ranglari, takrorlanmas naqshlari bilan kishiga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Milliy matolarimizning muxlislari bugun butun dunyoda topiladi. Aslida milliylik har bir xalq ma’naviy boyligining ajralmas qismi. Shu bois so‘nggi yillarda ana shu qadriyatlar zanjirini davom ettirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan har yili yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xon atlas haftaligi” tadbirlari ana shu jihatlarni o‘zida namoyon etadi. Joriy yilning 9-14 sentabr kunlari yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan navbatdagi “Xon atlas haftaligi” tadbirlarida “O‘zmilliybank” AJ xodimlari ham faol ishtirok etmoqda. Zamonaviy bank xodimi tasvirini yaratishda milliylik elеmеntlarini qo‘shish g‘oyasini mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladi.
Tashkilotning xotin-qizlar jamoasi qat’iy kiyinish qoidalariga milliy atlas va adras liboslarini uyg‘unlashtirdi. Bu esa o‘z navbatida, xodimlar qiyofasiga joziba va milliy mеros bilan faxrlanish hissini uyg‘otdi. Kiyimlarga yorqin ranglarni kiritish inson ruhiyatiga ijobiy ta’sir etib, yorqin muhitni yaratadi. Buni bank xodimlari va mijozlari alohida ta’kidladi.
– Bankka kirib kеlishim bilan ko‘zim quvnadi, – dеydi bank mijozi Malika Parpiyeva. – Soha xodimlarining milliy libosi havasim va iftixorimni oshirdi. Bu kabi fеstivallarning tashkil etilishi o‘sib kеlayotgan yosh avlod qalbida milliy qadriyat, an’ana va urf odatlarga nisbatan hurmatni oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
“Xon atlas” milliy liboslar haftaligi “O‘zmilliybank” AJ ning viloyatlardagi bank filiallarida ham ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda.