Milliy Bankning Toshkent viloyati bo'limi tomonidan 'INTER SNACK FOODS' MCHJ ga 270 mln. so'm miqdorida kredit ajratildi
O'zbekiston Respublikasi Tashqi Iqtisodiy Faoliyat Milliy Banki faoliyatida kichik tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash hamisha ustuvor yo'nalishlardan biri bo'lgan. Bank xususiy korxonalarni kreditlash va tadbirkorlik tashabbusini rivojlantirish chora-tadbirlarini faol amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Toshkent viloyati bo'limi tomonidan «INTER SNACK FOODS» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga o'z faoliyatini kengaytirish maqsadida, pista, bodom, danak kabi quruq mevalarni tozalab qadoqlaydigan asbob-uskunalarni sotib olish uchun jami 270 mln. so'm miqdorida kredit ajratilgan.
Milliy Bank Toshkent viloyati bo'limi moliyaviy jihatdan qo'llab-quvvatlagan kichik biznes loyihalari milliy iqtisodiyotning ko'plab tarmoqlarini qamrab oladi. Barcha kreditlar raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi eng yangi uskuna va texnologiyalar xarid qilish uchun yo'naltirilmoqda.
«INTER SNACK FOODS» mas'uliyati cheklangan jamiyati 2011 yil noyabr oyida tashkil topgan. Jamiyatning asosiy faoliyati turi quruq mevalarni qadoqlab sotish hisoblanadi. Hozirgi kunda «SNACK» savdo belgisi ostida quruq meva mahsulotlarini ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan va ichki bozorda o'z o'rniga va xaridorlariga ega. Mazkur korxona Milliy Bank Toshkent viloyati bo'limiga mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida asbob-uskunalar sotib olish uchun kredit ajratishni so'rab murojaat qilgan.
«INTER SNACK FOODS» MCHJ Bosh hisobchisi Nodir Abdullayev “UzReport” AA muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:
– Taklif va Loyiha texnik iqtisodiy asoslanma qisqa muddatlarda ko'rib chiqilib, 270 mln. so'm miqdorida kredit berildi. Loyihaning umumiy qiymati 442 662 860,0 so'mni tashkil qilishi va korxona har oyiga 95 713 dona qadoqlangan mahsulot ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Korxona tomonidan kredit olingandan buyon 1 951 763 754,55 so'mlik mahsulot ishlab chiqarilgan va xaridorlarga yetkazilgan. Ajratilgan kreditlarga biz zamonaviy texnologiyalar oldik. Mahsulotlarimizni 2015 yilda Qozog’ison va Rossiya federatsiyasiga eksport qilishni mo’ljalamoqdamiz.
Mazkur kompaniya brendining maqsadi ham rivojlanish dinamikasiga ijobiy ta'sirni ta'minlab beruvchi yuqori ixlos darajasini shakllantirish uchun iste'molchilar bilan barqaror va uzoq muddatli muloqotni yaratishdan iborat.
Brendning asosiy qadriyatlari va afzalliklari - Sifat! Ya'ni Iste'molchilarga taqdim etilayotgan mahsulotning barqaror sifati zamonaviy uskunalardan foydalanish, eng yaxshi mahalliy xomashyoni ishlatish, yangi usullarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish va yetkazib berishning barcha bosqichlarida sifat nazorati orqali erishishdan iborat.
UzReport