Milliy bank ochiq darslar o`tkazdi
Xalqaro jamg'armalar kuni munosabati bilan O'zbekiston Milliy banki xodimlari o'rta maktab o'quvchilari uchun "ochiq darslar" o'tib berishdi. Yashnaobod tumanidagi 198-sonli, Mirobod tumanidagi 60-sonli va Shayxontohur tumanidagi 324- maktablariga bank xodimlari tashrif buyurishdi.
Darslarda o'quvchilar bank tuzilishi va uning faoliyati, paydo bo'lish tarixi hamda shu vaqtgacha qanday rivojlangani haqida ko'plab foydali ma'lumotlarga ega bo'lishdi. Shuningdek, bank omonatlari va jamg'armalarining manfaatli taraflari haqida bilib olishdi.
Uchrashuv yakunida o'quvchilar "Orzuimdagi bank" mavzusida insho yozishdi. Eng yaxshi insho sohiblari Milliy bank tomonidan esdalik sovg'alari bilan mukofotlandi.
Yunusobod tumanining 70-maktab o'quvchilari uchun dars Milliy bankning Toshkent shahar Bosh boshqarmasi Markaziy amaliyot bo'limida o'tkazildi.
O'quvchilar uchun Milliy bank Bosh ofisi bo'ylab ekskursiya o'tkazildi, keyinroq ular mijozlarga xizmat ko'rsatish zallarida bank xodimlarining ish faoliyati jarayonini tomosha qilishdi.
Tasviriy san'at Galereyasi xodimi Milliy bank kolleksiyasidagi qadimiy tangalar hamda pullarning kelib chiqish tarixi haqida so'zlab berdi.
Yig'ilish yakunida Anjumanlar zalida taqdimot o'tkazildi va "Orzuimdagi Bank" mavzusida insho tanlovi bo'ldi. G'oliblar Milliy bankdan o'z mukofotlarini qabul qilib olishdi