Joriy yilning birinchi choragida O'zbekiston iqtisodiyoti 7,5 foizga o'sdi
2014 yil 18 aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yilning I choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari muhokamasi va shu yil 17 yanvarda respublika Hukumatining majlisida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2014 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvorliklarini amalga oshirishni baholashga bag'ishlangan majlisi bo'lib o'tdi.
Unda barqaror iqtisodiyot o'sish sur'atlari, buning uchun eng avvalo investitsiya iqlimi va tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash, ishlab chiqarishlarni texnologik jihatdan yangilash, shuningdek, mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash va infratuzilmani rivojlantirish hisobiga mavjud zaxiralar va imkoniyatlarni safarbar qilishga qaratilgan iqtisodiyotni rivojlantirish va modernizatsiyalashning qabul qilingan strategiyasini amalga oshirish natijalari har tomonlama ko'rib chiqildi va tanqidiy tahlil qilindi. Shuningdek, aholi bandligi va farovonligi darajasini yanada oshirish masalalari yig'ilish kun tartibidan o'rin oldi.
Jahon iqtisodiyotida muammolar va turli xatarlar kuzatilayotgan bir sharoitda O'zbekistonda iqtisodiy o'sishning barqaror sur'atlari saqlab qolinib, mamlakat iqtisodiyot sektorlarini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash ishlari yanada chuqurlashtirildi. Buning saramasi o'laroq, shu yilning birinchi choragida mamlakat Yalpi ichki mahsuloti 7,5 foizga, sanoat mahsulotini ishlab chiqarish 8,9 foizga, qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,2 foizga, xizmatlar ko'rsatish 11,8 foizga o'sdi. Davlat byudjeti Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlardan oshmadi.
Sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek, ichki talabni rag'batlantirish va mahalliy bozorni yuqori sifatli mahsulotlar va xizmatlar bilan to'ldirish bo'yicha amalgan oshirilgan chora-tadbirlar natijasida iste'mol mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 12,8 foizga, chakana tovar aylanmasi hajmi 14,3 foizga va xizmatlar ko'rsatish hajmi 9,1 foizga ko'paydi. Sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmida iste'mol mahsulotlari ulushi 2013 yilning birinchi choragidagi 29,5 foiz o'rniga 34,4 foizgacha ko'paydi.
Yig'ilishda keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, jismonan sog'lom, ma'nan yetuk va barkamol o'sib kelayotgan avlodni voyaga yetkazish bo'yicha "Sog'lom bola yili" Davlat dasturida belgilangan maqsad va vazifalrani amalga oshirish ishlari boshlandi. Unda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirishga shu yilning birinchi choragida barcha manbalar hisobiga qariyb 1 trillion so'm miqdorida mablag' yo'naltirildi.