Bosh sahifa
/
Yangiliklar
/
“Jamg‘arma — mening orzularim sari yo‘l” chellenji

“Jamg‘arma — mening orzularim sari yo‘l” chellenji: yoshlar orasida tejamkorlik va orzu sari ishonchni targ‘ib qilgan loyihа

12.11.2025

31-oktabr — “Butunjahon jamg‘arish kuni” munosabati bilan mamlakatimizda moliyaviy savodxonlikni oshirish, yosh avlodda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish va jamg‘arma ahamiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida bir qator qiziqarli tashabbuslar amalga oshirildi. Shu jumladan, “O‘zmilliybank” AJ tomonidan o‘ziga xos tarzda “Jamg‘arma — mening orzularim sari yo‘l” nomli ijodiy chellenj loyihasi tashkil etildi.

Mazkur loyiha nafaqat bolalar va o‘smirlar orasida moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish, balki bank tizimi xodimlarining farzandlari va ularning yaqin qarindoshlari o‘rtasida ijodkorlik hamda orzu sari intilish ruhini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Chellenj ishtirokchilari o‘z orzulari va jamg‘arma haqidagi tasavvurlarini ijodiy rasm ishlari orqali ifodalashdi. Har bir bola o‘zining shaxsiy orzularini, ularni amalga oshirish yo‘lida mablag‘ jamg‘arish zarurligini o‘zicha tasvirlashga harakat qildi. Shunday qilib, bu tanlov bolalarda tejamkorlik, mehnatsevarlik va kelajak uchun reja tuzish kabi muhim hayotiy qadriyatlarni uyg‘otdi. Chellenjda 3 yosh toifasidagi bolajonlar qamrab olindi:

  •  3–6 yosh,

  •  7–11 yosh,

  • 12–17 yosh

Chellenj jarayonlari 20 kun davomida faol tarzda olib borildi. Ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar maxsus onlayn platformada joylashtirildi va natijalar eng ko‘p ovoz to‘plagan avtomatik tarzda aniqlanib, shaffof hisob-kitob tizim orqali baholandi.

Umuman olganda, chellenjga 70 ga yaqin ishtirokchi o‘z ijodiy ishlari bilan qatnashdi. Har bir qatnashchining ishi bolalarcha samimiyat, orzuga sadoqat va o‘z mehnati bilan maqsadga erishish g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan.

Chellenj yakunida ishtirokchilar “O‘zmilliybank” AJ tomonidan esdalik sovg‘alari va sertifikatlar bilan taqdirlandi. Tadbirning tantanali yakuni O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida bo‘lib o‘tdi. Tadbir bolajonlar uchun chinakam bayramona muhitni yaratdi.

Tadbir davomida chellenj ishtirokchilarining chizgan rasmlari ekranlar orqali namoyish etildi. Har bir ijodiy ish bolalarning orzulari, ularning jamg‘arma va tejamkorlik haqidagi o‘ziga xos qarashlarini ifodalab, marosimda yig`ilganlarga ilhom va ko`tarinki kayfiyat ulashdi.

Tadbirda “O‘zmilliybank” AJ Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori ham so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarni, ayniqsa bolalarni bugungi tadbir bilan samimiy qutladi. U o‘z nutqida yosh avlodda moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish va ularni orzular sari ishonch bilan intilishga undashning muhimligini ta’kidladi.

Tadbir barchaga unutilmas taassurotlar qoldirdi, yosh ishtirokchilarga esa o‘z orzulari sari yanada ishonch bilan intilish ilhomi berdi.

Texnik qo'llab-quvvatlash NBU

onlayn

Xabar yuborildi

Qaytish bo\'shliqlar ro'yhatiga



Javob foydali bo'lsa, xursand bo'lamiz!

Texnik qo'llab-quvvatlash NBU

Texnik qo'llab-quvvatlash NBU