'Bank xizmatlari uskunalari va texnologiyalari VIII BankExpo-2015' milliy ko'rgazmasi bo'lib o'tishi yuzasidan matbuot anjumani o'tkazildi.
Shu yilning 12-13 mart kunlari Ko'rgazma Savdo markazida Respublika Markaziy banki tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo'mitasi hamda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo'mitasi, O'zbekiston banklar Assotsiatsiyasi, Axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assotsiatsiyasi hamkorlikda tashkil etilayotgan "Bank xizmatlari uskunalari va texnologiyalari VIII BankExpo-2015" milliy ko'rgazmasi bo'lib o'tadi. Ushbu munosabat bilan O'zbekistan banklar Assotsiatsiyasida ko'rgazma tashkilotchilari tomonidan matbuot anjumani o'tkazildi.
Anjumanda ta'kidlanganidek, mazkur ko'rgazma o'tkazilishining dolzarbligi mamlakatimiz Prezidentining "2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va uning barqarorligini oshirish va yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichlariga erishishning ustuvor yo'nalishlari to'g'risida"gi qarorida belgilangan yo'nalishlar bilan izohlanadi. Bu yirik anjumanni tashkil etishdan maqsad bank-moliya tizimi yutuqlari va istiqboldagi rivojlanish yo'nalishlarini keng ommaga yetkazish, yangi texnologiya va xizmatlar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat. Biznes loyihalarni tuzish, ularni moliyalashtirish shartlari, mexanizmlari va boshqa moliyaviy xizmatlar ko'rsatish tartiblari, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi bilan aholi va tadbirkorlarga yaqindan tanishtirish ularning banklariga bo'lgan munosabatini shakllantiradi va ishonchini mustahkamlaydi, pirovardida kredit tashkilotlari faoliyati samaradorligini yaxshilaydi.
Jurnalistlar bilan muloqot chog'ida ma'lum qilinganidek, Joriy yilda o'tkazilayotgan ko'rgazmaning asosiy yo'nalishi kichik tadbirkorlik sub'ektlari, oilaviy biznes, o'z tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo'lgan ta'lim muassasalari bitiruvchilari bank xizmatlari bo'yicha ma'lumot va maslahatlar berishga qaratilmoqda. Ko'rgazma dasturi keng va rang-barang bo'lib, unda davra suhbatlari, seminarlar, taqdimotlar, uchrashuvlar, master-klasslar tashkil etiladi.
Shuningdek, ko'rgazma doirasida tijorat banklari tomonidan chekka va aholi zich joylashgan tumanlarda faoliyat yuritayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari, ishlab chiqarish mikrofirmalari, dehqon va fermer xo'jaliklari, endigina ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarning ish bilan bandlikni ta'minlashga qaratilgan loyihalari bo'yicha o'tkazilgan tanlovlar g'oliblariga imtiyozli kredit ajratish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirish marosimlari ham bo'lib o'tadi.
UzReport