2022 yil 30 sentyabr kuni “SberkassaUz” telegram kanalida yoritilgan murojaat yuzasidan rasmiy munosabat
2022 yil 30 sentyabr kuni “SberkassaUz” telegram kanalida “O‘ZMILLIYBANK YANA QOVUN TUSHURDI! BU SAFAR MIJOZGA BIZDA SUPER-KONTRAKT UCHUN TAʼLIM KREDITI YO‘Q DEMOQDA” sarlavhasida yoritilgan murojaatda mijoz Farg‘ona viloyat filialiga murojaat qilganligi, ammo bank tomonidan kredit ajratilmayotganligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 iyuldagi PQ-323-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, taʼlim tashkilotlarida talabalarning kontrakt to‘lovi asosida o‘qishi uchun “O‘zmilliybank” AJning barcha filiallari va bank xizmatlari markazlari tomonidan imtiyozli taʼlim kreditlari, shuningdek bankning o‘z mablag‘lari hisobidan tabaqalashtirilgan to‘lov (super-kontrakt) asosida o‘qishga kirgan talabalarga ham taʼlim krediti mablag‘lari ajratib kelinmoqda.
O‘qish istagida bo‘lgan barcha fuqarolarimizga amaldagi tartiblarga muvofiq holda taʼlim kreditlarini ajratish tartiblari, shartlari ommaviy axborot vositalarida, bankning o‘z saytlarida yoritib kelinmoqda. Ularni ajratishda texnikaviy-dasturiy taʼminotlar hamda zarur mablag‘lar zahirasi yetarli yaratilgan va bu ishlar bank rahbariyatining doimiy nazoratida olib boriladi.
Shu bilan birga, keltirilgan holat yuzasidan ichki surishtiruv, o‘rganish ishlari o‘tkazilib, mijoz bilan suhbat o‘tkazildi. O‘rganish natijasida mijoz tomonidan bank xodimlaridan super-kontrakt to‘lovi uchun imtiyozli taʼlim krediti mavjudligi haqida maʼlumot so‘ralganligi, bank xodimlari tomonidan maʼlumot berilganligi, ammo mijoz tomonidan maʼlumot noto‘g‘ri tushinilganligi maʼlum bo‘ldi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati