Yosh iqtisodchilar forumi

14.06.2012

      Toshkentda yosh iqtisodchi olimlarning forumi bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, mamlakatimizdagi ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari, shuningdek, Rossiya, Ukraina hamda Belarusdan yosh olim va mutaxassislar ishtirok etdi.
     O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi hamda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining izchil amalga oshirilishi natijasida O‘zbekiston jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida ham barqaror o‘sish sur’atlariga erishib kelmoqda.
     Prezidentimizning Vazirlar Mahkamasi majlisidagi “2012-yil Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘taradigan yil bo‘ladi” ma’ruzasida jahon iqtisodiyotida sodir bo‘layotgan jarayonlarni inobatga olgan holda, mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatdoshligini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan. Ushbu vazifani amalga oshirish, avvalambor iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tarmoqlarini jadal rivojlantirishni taqozo etadi. Bu olimlarimiz, ilm sohasi vakillari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
     Hozir bir qator yosh iqtisodchilar bu borada ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Tadqiqotlar, asosan, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni prognoz qilish usullarini hamda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasini ilmiy asoslash, real iqtisodiyot sohasini innovatsion rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash, inson salohiyatini yuksaltirish, aholining turmush darajasini va farovonligini oshirish, hududlarni muvozanatli va barqaror rivojlantirishga doir masalalarga qaratilgan.
     Iqtidorli yoshlar ilmiy faoliyatga keng jalb etilayotgani barcha sohalar singari iqtisodiyot rivojiga ham xizmat qilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2010-yil 2 noyabrda qabul qilingan “Yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
     – Jahon moliyaviy inqirozi va undan keyingi davrda bank faoliyatini tartibga solish tizimini isloh qilish bo‘yicha izlanishlar olib boryapman, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining katta ilmiy xodimi Elmurod Hoshimov. – Bunday sharoitda yetakchi moliyaviy vositachi tijorat banklari hisoblanadi. Ularning barqarorligini oshirish, faoliyati bilan bog‘liq risk darajasini tartibga solish, bank kapitali va likvidliligiga nisbatan talabni yanada kuchaytirish izlanishlarimizning tub mohiyatini tashkil etadi.
     Forum doirasida yosh olimlarning ilmiy ishlari taqdimotlari o‘tkazildi. Milliy iqtisodiyotni prognozlashtirish va rivojlantirishning makroiqtisodiy modellari, innovatsion iqtisodiyot raqobatbardoshligi, ijtimoiy sohani rivojlantirish istiqbollari va tendensiyalari, hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

O‘zA 15.06.2012


 






So`nggi yangiliklardan xabardor boling

Haftasiga bir martta xabar yuboramiz, va hech qanday spamlarsiz