Prezident Islom Karimov 6-avgust kuni Oqsaroyda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Toshimitsu Motegini qabul qildi
05.08.2014
2565
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6-avgust kuni Oqsaroyda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Toshimitsu Motegini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, ushbu uchrashuv mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida faol rivojlanib borayotgan muloqotlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi. Bu o‘zaro manfaatli hamkorlik, avvalambor, iqtisodiy sohadagi aloqalar holatini baholash va uni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lishini qayd etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil fevral oyidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy aloqalar rivojiga yangi sur’at bag‘ishladi, siyosiy hamkorlikni faollashtirib, strategik sheriklikni mazmunan yanada boyitdi.
Yaponiya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridan biridir. 2013-yil yakuniga ko‘ra, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 215 million AQSh dollaridan oshgan. Yaponiya tomonidan O‘zbekistonga kiritilgan moliyaviy-texnikaviy vositalarning umumiy hajmi 2 milliard dollardan ziyoddir.
Yaponiya kompaniyalari “Ko‘kdumaloq” konida kompressor stansiyasini va Buxoro neftni qayta ishlash zavodini qurish, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlarini modernizatsiyalash kabi yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi. Bugungi kunda Navoiydagi issiqlik elektr stansiyasini kengaytirish va Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda energetika, neft-gaz, kimyo va kon sanoati, elektrotexnika, avtomobilsozlik va telekommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Yaponiya delegatsiyasi tarkibida «Itochu», «Mitsubisi», «Marubeni», «JOGMEK», «NEK» kabi yetakchi kompaniyalar vakillari mamlakatimizga tashrif buyurgani va ushbu tashrif doirasida qo‘shma biznes-forum o‘tkazilishi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Toshimitsu Motegi samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Yaponiya hukumati O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.